Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:49

Blog: Har bahorda shu bo‘lar takror...


Muallif: Basira

Bahor faslida tabiat uyg‘onadi. Bu uyg‘onish faslida odamlarning hissiy dunyosida ham jonlanish kuzatiladi.

Qirg‘izistonda bahor faslida odamlarda Oq uy oldida norozilik namoyishlarini o‘tkazish tuyg‘usi-da uyg‘onadi.

Bunday namoyishchilarni o‘z haq-huquqini demokratik davlatda ifoda etuvchi fuqarolar desa ham bo‘ladi. Faqat negadir ularni ko‘rganda xayolimga “kichik tadbirkorlar” degan ibora kelavyeradi.

O‘tgan yili men 7 aprelni “Yangi tarix tug‘ilgan kun” deya nomlagan edim.

Ha, men uchun o‘sha kezlarda odamlarning norozilik namoyishiga chiqishi, o‘q ovozidan ham cho‘chimasdan tashlanishi bir qahramonlik edi. Balki bu qahramonlik hamdir.

Sekin-asta bunday norozilik namoyishlariga odamlar necha qirg‘iz so‘miga chiqishi, ularga tashkilotchilar tomonidan so‘ng qanday va‘dalar berilishini bilmagan Basira uchun yil davomida yangi-yangi "inqilobiy sahifalar" ochilaverdi. Ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli achinarli xalqning hayoti arzon sotilar ekan.

Ammo bu fikr bir yil oldin - Olatog‘ maydonida turganimda, bir necha ming qirg‘izistonliklarning norozilik hayqiriqlarini eshitganimda xayolimga ham kelmagandi. Garchi g‘azabnok namoyishchilar afti g‘azabdan bo‘riqqan, boshida beysbolka, sport kiyimidagi yoshlarning ko‘zlari qonga to‘lgan edi...

Norozilik namoyishlarini O‘zbekistonda biror marotaba ham ko‘rmaganim uchun o‘sha paytda bunga qiziqish bilan qaragan edim.

Aprel inqilobidan so‘ng Qirg‘iziston jamiyatida “Не буди во мне киргиза” - “Menda qirg‘izni uyg‘ontirma” kabi iboralar paydo bo‘ldi. Kimdir noroziligini ifoda etmoqchi bo‘lsa, “kerak bo‘lsa yana inqilob qilamiz”, “Oq uyni olamiz” qabilida xitob qilishi bu yerda odatiy hol.

Bu gapni o‘zi emas, uchi O‘zbekistonda chiqsin-chi, sheryuraklarni ahvoli ne bo‘lar ekan…

Xayolan O‘zbekistonni eslab, yana Qirg‘izistonga - o‘tgan yilgi 7 aprel voqealariga qaytaman.

7 aprel kuni o‘qdan xalok bo‘lgan murdalarni ko‘raverib ko‘zim va etim ko‘nikib ketgan ekan. Inqilob o‘tgandan keyin esa shomdan keyin ko‘chada yurishdan cho‘chib qolganman.

Ko‘chada to‘da-to‘da sport kiyimi kiygan, boshiga beysbolkani bostirib olgan odamlarni ko‘rsam, yo‘lni u betiga tezroq o‘tib ketishga harakat qilaman.

Potensial “Oq uyni ishg‘ol qiluvchilar” Qirg‘iziston jamiyatida anchagina ekanligini yaxshi tushunaman.

Bu yaxshimi yoki yomonmi - men uchun tushunish qiyin bo‘ladigan bir holat. O‘zbekiston bilan qiyoslashda davom etavyeraman. Balki O‘zbekistonda ham bordir ichiga xukumatdan norozilik kayfiyatini yutib yashayotganlar, o‘z vaqti-soati kelishini kutayotganlar.

Balki O‘zbekistonda ham mana shunday potensial to‘dalar bordir. Balki u davlatda ham norozilik namoyishidan so‘ng prokuratura yonar, parlament hujumga uchrar, savdo do‘konlari talab ketilar. Balki…

Aniq aytish qiyin, chunki olomondan nima kutishni odam bilmas ekan. Olomon bir zumda himoya qilib, bir zumda xujumga o‘tishi mumkin ekan.

Olomon o‘z ishini qiladi, ammo uning ortida turgan ko‘rinmas shaxslar o‘q ostiga o‘zini otmas ekan. U tayyoriga, ishg‘ol tugab, olomon g‘alaba qozonganidan so‘ng paydo bo‘ladi.

Qirg‘iziston hukumati revolyutsiya kunlari xalq istagi amalga oshganini bot-bot aytadi, xalqiga inqilob uchun rahmatnomalar yog‘diravyeradi. Ammo bu bilan xalq o‘zi istagan yorug‘ kunga chiqdimi?

7 aprel - Qirg‘izistonda yangi tarix tug‘ilgan kun.
XS
SM
MD
LG