Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2024, Тошкент вақти: 08:08

Qirg‘izistonlik narkoqirol Abu Dabida ushlandi


Qator jinoyatlarda ayblangan Qamchi Ko‘lbayev Xalqaro politsiya (Interpol) yo‘nalishi orqali ham qidirilayotgandi.
Qator jinoyatlarda ayblangan Qamchi Ko‘lbayev Xalqaro politsiya (Interpol) yo‘nalishi orqali ham qidirilayotgandi.
AQSh prezidenti tomonidan “Dunyodagi eng yirik narkoqirollar” qora ro‘yxatiga kiritilgan Qamchi Ko‘lbayev Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olindi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining muovini Melis Turg‘anbayevga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklari politsiyasi shu yilning 21 iyul kuni ertalab qirg‘izistonlik hamkasblariga “qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Ko‘lbayev va uning o‘ng qo‘li sifatida talqin qilinuvchi Almanbet Anapiyayev qo‘lga olinganini ma‘lum qilgan:

- Hozircha arablardan ma‘lumotni og‘zaki shaklda telefon orqali olayapmiz, xolos. Bu haqda bizga hali rasmiy hujjat kelmadi. Lekin ikkalasi ham qo‘lga olingan, - dedi Melis Turg‘anbayev.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, Qamchi Ko‘lbayev va Almanbet Anapiyayev Birlashgan Arab Amirliklarida ham bir qator jinoyatlarda gumonlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qamchi Ko‘lbayevning Abu Dabidagi uyidan qalbaki hujjatlar va zargarlik do‘konidan yo‘qolgan qimmatbaho tilla buyumlar topilgan.

Biroq Qamchi Ko‘lbayevning advokati Ikramiddin Aytqulov o‘z himoyasidagi shaxsning uyidan zargarlik buyumlarining topilishi shunchaki uydirilgan ish bo‘lishi mumkinligini e‘tibordan soqit qilmaydi.

- Men uning (Qamchi Ko‘lbayevning – tahr.) AQShda narkoqirollar qora ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan Interpol yo‘nalishi bo‘yicha qo‘lga olinganini tasdiqlayman, biroq go‘yo uning uyidan topilgan qimmatbaho buyumlar haqida hozircha hech narsa deyolmayman. Ehtimol, bu shunchaki inssenirovkadir, - deydi advokat Ikramiddin Aytqulov 24.kg agentligiga bergan suhbatida.

Qamchi Ko‘lbayev Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi urush e‘lon qilingach va jinoyat olamining 200 ga yaqin a‘zosi, jumladan, jinoiy guruhlar rahbarlari qamoqqa olingach, mamlakatni tark etgan edi.

Ayni paytda unga nisbatan Qirg‘izistonda jinoyat ishi ochilgan.

37 yoshli Qamchi Ko‘lboyev 2006 yildan beri Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruhlarni boshqarib kelgani aytiladi.

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari tarqatgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2008 yilda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmonbek Bakiyev narkotiklarni nazorat qilish agentligini tugatgan edi. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Melis Turg‘anbayev avvalroq Ozodlikka Qirg‘izistonda narkotiklar noqonuniy aylanmasi sobiq prezidentning ukasi Janish Bakiyev va jinoiy guruhlar rahbarlari Qamchi Ko‘lbayev hamda Almanbet Anapiyayev nazoratida bo‘lganini aytgan.

Shu yilning 1 iyunida AQSh prezidenti Barak Obama qirg‘izistonlik Qamchi Ko‘lbayevni “narkotik qirollari” qora ro‘yxatiga kiritgani ma‘lum qilingan.

Ayni paytda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati ham Ko‘lbayevning AQSh qora ro‘yxatiga kiritilganini to‘g‘ri qaror sifatida baholaydi.

O‘tgan oy Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebayev Qamchi Ko‘lbayev prezident Bakiyev davrida uning oilasi bilan birgalikda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani va bu ishda u prezident oilasi himoyasida bo‘lganini aytgandi:

- Bakiyevning davrida Qamchi Ko‘lbayev qamoqdan oqlanib chiqqandi. Bugungi kunda Qirg‘izistonda unga nisbatan jinoyat ishi ochilib, o‘zi qidiruvga berilgan. Uning narkoqirol ekaniga aniq dalillar bor, - degandi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Duyshebayev.
XS
SM
MD
LG