Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:49

Qirqqa yaqin Nobel mukofoti laureati Putinga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi


Nobel mukofotining 39 nafar laureati jahon hamjamiyatini Rossiya bosqinini daf qilishda Ukrainaga dastakni kuchaytirishga, Rossiyadagi demokratik muxolifatni qo‘llashga va Vladimir Putinni mamlakat prezidenti o‘laroq tan olmaslikka chaqirdi. Mazkur chorlov ilmiy maqolalar chop etiluvchi “T-invariant” sayti orqali yoyinlangan.

“Ukrainadagi urush va Aleksey Navalniyning o‘ldirilishi faqat Rossiya va Ukrainagagina daxldor emas. Putin rejimi o‘zining butun insoniyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiqdan-ochiq tahdid ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Faqat demokratiya tamoyillari hamda inson huquqlari sohasida xalqaro qonunchilikka rioya qilgan taqdirdagina insoniyat o‘zini o‘zi yo‘q qilishdan qutulib qolishi mumkin. Putin rejimi ularni surbetlarcha oyoqosti qildi… Biz ezgu niyatli barcha insonlar va jahon liderlarini janob Putin va uning jinoiy rejimiga nisbatan har qanaqa puch xayollardan voz kechishga chaqiramiz”, deyilgan chaqiriq matnida.

Nobel laureatlari imzolagan matnda Putin xatari haqida dunyoni Navalniy va Rossiya muxolifatining boshqa liderlari ogohlantirgani ta’kidlangan. “Rossiyaliklarning demokratik kelajakka ishonchi”ni mustahkamlash uchun mualliflar Rossiya bilan urushda Ukraina g‘alabasini ta’minlashni taklif qilishgan.

Matnga fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 16 nafar, fizika bo‘yicha 9 nafar, kimyo bo‘yicha 6 nafar, adabiyot bo‘yicha 4 nafar va tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan 3 nafar laureat qo‘l qo‘ygan. Ular orasida belaruslik Svetlana Aleksiyevich bilan ukrainalik Aleksandra Matviychuk ham bor.

XS
SM
MD
LG