Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:24

Qizilqumdagi gaz quvurida "o‘g‘rilik": Gaz idorasi boshliqlari sheriklikda gumonlanmoqda


Hodisadan so‘ng yasama hovuzdagi kondensat yoqib yuborilgani aytiladi.
Hodisadan so‘ng yasama hovuzdagi kondensat yoqib yuborilgani aytiladi.

Ramazon hayiti kuni Buxoro viloyatidagi “Qumli” koni quvuridan gaz kondensatini o‘g‘irlashga uringan to‘rt kishi ushlangani xabar qilindi.

Gumondorlar “O‘zbekneftgaz” bilan Milliy gvardiya hamkorlikda o‘tkazgan reyd payti qo‘lga olingan.

Gumon qilinishicha, uyushgan jinoiy guruh tomonidan gaz quvuridan tonnalab kondensat o‘g‘irlab kelingan va bu o‘g‘rilik soha mutasaddilari bilan sheriklikda amalga oshirilgan.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining 20 ga yaqin rahbari ishdan olingan, ularning ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonning neft va gaz monopoliyachisi - “O‘zbekneftgaz” shirkati tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yilning 13 - may kuni mamlakat aholisi Ramazon hayitini nishonlayotgan bir paytda “Qumli” koniga tegishli gaz quvuridan kondensatni o‘g‘irlashga uringan guruh a’zolari qo‘lga olingan.

Xabarda aytilishicha, o‘g‘rilik diametri 720mm bo‘lgan gaz kollektorini teshib, o‘rnatilgan 2ta xomutdan kondensat olinayotgan payti aniqlangan.

Hodisa tafsilotlaridan xabardor manbaga ko‘ra, o‘g‘rilik uyushgan jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilgan.

“Gaz qazib oladigan quduqlar cho‘lning 50-60 kilometr ichkarisida joylashgan. Yo‘l yo‘q, qumlik. Oddiy mashina yura olmaydi, botib qoladi. O‘g‘rilar o‘ziga maxsus transport yasab olgan. Ular nochnoye videniye apparatini taqib, kechasi mashinalarini faralarini yoqmasdan harakatlangan. Har 10-20 kilometrda o‘z agentlarini qo‘yib qo‘ygan. Ular guyo cho‘ponlik qilayotgan bo‘lib, xavf tug‘ilganda signal berishgan. Hayit kuni erta tongda hamma hayit namoziga ketgan payti o‘g‘rilar quvurni teshib, 2ta xomut o‘rnatgan va undan shlanka tortib, 10-15 kilometr uzoqlikda yashirib qo‘ygan. Kechqurun borib, ular qo‘lbola hovuz yasab, salafan yotqizgan va shlanka orqali kondensatni tortib olayotgan payti o‘g‘rilik oshkor bo‘lgan”,- dedi anonim qolishni istagan manba.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, o‘g‘rilik shirkat bilan Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan reyd chog‘ida aniqlangan.

Shirkat mas’ullaridan biri anonim qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, jami 4 kishi o‘g‘rilikda gumonlanib ushlangan:

“Oldin o‘g‘rilar xodimlarimizdan qo‘rqmagan. Ba’zi ishchilar o‘g‘rilar bilan sheriklik ham qilgan. Shuning uchun “O‘zbekneftgaz” Milliy gvardiya bilan shartnoma imzoladi. 1 oydan beri Gazlida reyd bo‘lyapti. Milliy gvardiya to‘liq qurollangan. O‘qotar qurollar, cho‘lda yurishga mo‘ljallangan maxsus texnikasi ham bor. O‘sha kuni o‘g‘rilar Milliy gvardiya kelayotganidan xabar topgan va o‘zlaridan iz qoldirmaslik uchun yasama hovuzdagi kondensatni yoqib, qochib qolishgan. Lekin Milliy gvardiya mashinalari zo‘rligi sabab ularni quvib yetib, ushladi”.

Shirkat xabariga ko‘ra, ushbu o‘g‘rilik oshkor bo‘lgach Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining jami 16 nafar rahbari, jumladan, boshqarma direktori Abdullo Majidov va bosh muhandis Abror Rajabov ishdan bo‘shatilgan.

Anonim qolish sharti bilan suhbatlashgan shirkat mas’uliga ko‘ra, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbarlaridan bir nechtasiga nisbatan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan.

“Shu kabi o‘g‘irliklarga sherik bo‘lgani uchun Gazli boshqarmasining 20ga yaqin xodimi ishdan bo‘shatildi. Bu o‘g‘rilar trubaning qayerda joylashganini ichkaridagi odamlardan olgan. Ular qayerdan biladi, truba qayerda, qanday joylashganini? Shu o‘g‘rilikka sheriklik ayblovi bilan Gazli boshqarmasida 1 yil ichida 4ta rahbar almashdi. Majidov 2 oycha ishladi, shu vaqt ichida 11 marta o‘g‘rilik bo‘lgan, hammasi yashirilgan. Hozir Gazli boshqarmasining sobiq rahbarlari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Ishni Buxoro viloyat prokuraturasi olib boryapti”.

Shirkat mas’uli hisob-kitobicha, gap katta summadagi o‘g‘rilik haqida ketmoqda:

“Kondensat xuddi benzinday, ishlatishga tayyor holda bo‘ladi. O‘g‘irlangan kondensatni zapravkalar sotib oladi va benzinga aralashtirib sotadi keyin. Kondensatning 1 litrini 3500 so‘mdan sotish mumkin. 10 tonnasi 35 million so‘m bo‘lsa, hisoblab ko‘ravering qancha pul bo‘lishini. Bir kunda 100 ming tonnagacha o‘g‘irlashlari mumkin”.

Ma’lum bo‘lishicha, gaz quvurlariga oid ma’lumotlar avtomatlashtirilmagani sabab shu paytgacha qancha kondensat o‘g‘irlangani noma’lum.

“2020 - yilning mart-aprel oylarida boshlab to‘liq avtomatlashtirildi. Zavodga qaysi kondan qancha kondensat kelayotgani aniq bo‘ldi. Lekin 2020 - yilning oxiriga kelib kamayishni boshladi. Shundan keyin o‘g‘irliklarni tekshirish boshlandi. Agar kecha shu narsa aniqlanmaganida ular yil davomida quvurdan qancha kondensat o‘g‘irlashi mumkin edi. 4ta konning boshliqlari ham shu o‘g‘riliklarning oldini olmaganlikda ayblanib, ishdan olindi”, - dedi shirkat mas’uli.

Buxoro viloyat prokuraturasining Ozodlik bog‘langan xodimi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi sobiq rahbarlaridan bir nechtasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilganini tasdiqladi, biroq tergov harakatlari nihoyasiga yetmagani sabab tafsilotlarni ochiqlay olmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG