Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi 11 yoshli qizini kaltaklab o‘ldirgan erkakka 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan.
“Milliy” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Millar” dasturining xabar qilishicha, qotillik 2024-yilning oktyabrida Andijon viloyati Marhamat tumanida sodir bo‘lgan.
Voqea tafsilotlariga ko‘ra, 6-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz maktab bufetidan so‘roqsiz yegulik olib yegan. Bu holat bir necha marta takrorlangani ortidan maktab o‘qituvchisi qizning ustidan otasiga shikoyat qilgan. Bundan darg‘azab bo‘lgan ota qizini jazolash maqsadida uning qo‘l-oyog‘ini arqon bilan bog‘lab qo‘yib, kamar bilan ayovsiz kaltaklagan. Qiz olgan jarohatlari sabab vafot etgan.
Bir necha hafta muqaddam Toshkent viloyati Chirchiq shahrida onasi tomonidan ayovsiz kaltaklagan 4 yashar qizcha vafot etgandi.
Avvalroq bolalar uylari va tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan 1,5 mingdan ziyod bola “zo‘ravonlik sodir etish xavfi yuqori hisoblangan toifa”da qolayotgani bildirilgandi.
O‘zbekistonda 2024-yil 14-noyabrida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Mazkur hujjatda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish muhim ekani ta’kidlangan.