Линклар

Шошилинч хабар
13 июн 2021, Тошкент вақти: 14:17

Qo‘qonda 16 yashar o‘quvchi qiz "o‘g‘irlangani va zo‘rlangani" iddao qilinmoqda. IIB hodisani sharhlamayapti


29 - aprel kuni Qo‘qon shahrining Abu Tayib Ho‘qandiy mahallasida yashovchi 16 yashar qiz uch erkak tomonidan majburan mashinaga solib¸ o‘g‘irlab ketilgan.

(Ozodlikka o‘g‘irlangan qizning shaxsi¸ yashash manzili va o‘qigan maktabi ma’lum¸ ammo qizning shaxsini himoyalash maqsadida uni e’lon qilmayotir – tahr.)

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ qizni o‘g‘irlagan shaxsning kimligi¸ odam o‘g‘irlash uchun ishlatilgan mashina raqamlari IIBga ma’lum bo‘lishiga qaramay¸ jinoyat qidiruv xodimlari voqea yuzasidan biror shoshilinch chora ko‘rmagan.

Qizning onasi bir hafta davomida Qo‘qon shahar va Farg‘ona viloyat IIBga tinimsiz murojaat qilgani ortidan 7 - may kuni qiz topilgan va oilasiga qaytarilgan.

16 yashar o‘quvchi qizni o‘g‘irlagan shaxsning bir oy oldin uchinchi marta qamoq jazosini o‘tab chiqqan retsidivist ekanini aytgan qizning oilasiga ko‘ra¸ o‘g‘irlagan shaxs qizning nomusiga tekkan. Shunga qaramay¸ IIB hozircha sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazmagan.

Qo‘qon shahar IIB jinoyat-qidiruv bo‘limining Ozodlik bog‘langan xodimi hodisa yuzasidan savollarga javob bermadi.

Iftordan keyingi qiz o‘g‘irlash

O‘quvchi qizning Ozodlikka murojaat qilgan yaqinlariga ko‘ra¸ voqea 29 - aprel kuni kechki soat 8 dan keyin sodir bo‘lgan.

"Qizim iftorlikni qilib¸ mahallamizdagi do‘konga xarid uchun chiqqan paytida¸ yo‘lda uni yaqinda qamoqdan kelgan O.A. va uning ikki nafar sherigi majburlab qora Lasettiga bosib, olib ketishgan. Buni ko‘rgan guvohlar bor. O.A.ning sheriklarining ismlari ham ma’lum. Biz darhol Qo‘qon shahar ichki ishlariga va Farg‘ona viloyat ichki ishlariga bir necha bor xabar berdik¸ foydasi bo‘lmadi. Bir dona qizimning hayoti barbod bo‘lmay turib¸ topinglar¸nomusini himoya qilinglar desam¸ hech nima qilishmadi”¸ - deydi qizning onasi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘g‘irlangan 10-sinf o‘quvchisi nafaqat o‘sha kuni¸ balki oradan bir hafta o‘tib ham topilmagan.

Mashina nomerini aytdik¸ o‘g‘rining qayerga borishi mumkinligini aytdik. Hech narsa qilishmadi. Bir hafta ichki ishlar eshigida yig‘lab turib olganimdan keyin¸ bugun (7 - may) topib¸ bo‘limga olib kelishdi. Hozir tilxat yozib¸ uyga olib keldim”¸ - deydi qizning onasi.

Qo‘qonlik onaga ko‘ra¸ qizini o‘g‘irlagan shaxs hozirgacha o‘g‘rilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish uchun uch marta sudlangan. Oxirgi jinoyati uchun jazoni o‘tab¸ bir oy oldin qamoqdan chiqqan.

Chiqqanidan beri qizimning yo‘lini poylagan. 29 - aprel kuni ikki o‘rtog‘i bilan kuch ishlatib olib qochganidan keyin¸ Namanganning Chodak degan joyga opketib¸ nomusiga tekkan. U bola qo‘rqinchli jinoyatchi¸ og‘ziga lezviye solib yuradi. Shartta so‘yib tashlashdan ham tap tortmaydigan bezori. Shunga qaramay¸ haliyam ochiqda yuribdi”¸ - deydi o‘g‘irlangan qizning onasi.

Yaqinlarining iddao qilishicha¸ Qo‘qon shahar IIBsida o‘g‘irlangan qizga “nomusimga tegmadi¸ u yigit bilan o‘z xohishim bilan ketdim”¸ degan tilxat yozdirilgan¸ ammo hozirgacha sud-tibbiy ekspertiza tayinlanmagan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra¸ qiz bir tomondan o‘zini o‘g‘irlab ketgan shaxs va yaqinlarining bir haftalik qo‘rqituv va bosimi¸ boshqa tomondan esa¸ ishni bosti-bosti qilishga urinayotgan Qo‘qon shahar IIB xodimlari qistovi ostida shunday tilxat yozib bergan.

Qo‘qon shahar IIBsi jinoyat-qidiruv bo‘limining Ozodlik bog‘langan xodimi¸ 10-sinf o‘quvchisining o‘g‘irlanishi va zo‘rlanganlik ehtimoliga oid savolni eshitib¸ aloqani uzib qo‘ydi.

“Maktabning aloqasi yo‘q...”

Ozodlik voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchi qiz o‘qiydigan maktab ma’muriyati bilan bog‘landi.

Koronavirus uchun 1-2 chorak darslar onlayn bo‘ldi. Xabarlashib turardik. 3-chorakdan maktab ochildi¸ lekin bu qiz o‘qishga bir kelib¸ ko‘pda kelmay yurdi. Onasiga telefon qilsak¸ qizimni o‘g‘irlab ketishlari mumkin¸ shunga uydan o‘qisin¸ dedi. Yaqinda onasini bolasini maktabga yubormagani uchun 600 ming so‘mlik jarimaga tortmoqchi bo‘p turgandik”¸ - deydi o‘qituvchilardan biri.

Maktab vakilasi¸ uni “og‘ir-bosiq¸ chiroyli va o‘ziga to‘q oilaning farzandi” deb ta’rifladi.

Bu mahallada yashovchilarning (lo‘lilar ) o‘z an’analari bor. Ko‘pincha qizlarini maktabga qo‘yishmaydi. Ular orasida kambag‘al yigitlar boyroq oilaning qizini o‘g‘irlaydi¸ keyin ikki oila o‘zaro kelishib¸ to‘y qiladi. Oraga maktab¸ yoki IIB tushsa¸ “qizim o‘zi rozi bo‘ldi¸ hech kim majburlamadi”¸ deb yozib berishadi¸ oraga tushgan beburd bo‘lib qoladi”¸ deydi maktab vakili.

29 - aprel kuni o‘g‘irlangan 16 yashar o‘quvchi qizning yaqinlari bunday kelishuvga bormasligini aytadi.

16 yashar bola bo‘lsa¸ bo‘limda kim nima deb qo‘rqitgan¸ o‘rgatgan bo‘lsa¸ shuni yozib bergan-da! Men uning onasi sifatida bu ishni shunday qo‘ymayman¸ oxirigacha jinoyatchi jazolanishini talab qilaman. Nomus deb berib yuborsam¸ bittayu bitta qizimni o‘ldirib yuboradi-ku u! Kerak bo‘lsa¸ prezidentgacha boraman”¸ - deydi ona.

Ozodlik bilan suhbatda ona¸ Qo‘qon shahar IIB¸ xususan¸ Abu Tayib Ho‘qandiy mahallasiga mas’ul uchastka nozirlarini o‘z ishini bajarmayotganlikda aybladi.

Uchastkovoyga necha marta bordim¸ qizimning yo‘lini poylayapti¸ olib qochmoqchi¸ deb. Bizda har olti oyda uchastkovoy almashadi¸ bunaqa narsalarga e’tibor ham berishmaydi”.

Qonun nima deydi?

Ozodlik Qo‘qondagi mazkur voqeaga huquqiy jihatdan sharh berishni so‘rab¸ toshkentlik advokatlardan biriga bog‘landi.

Voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketib¸ uning nomusiga tegish qanday jazolanadi¸ degan savolga huquqshunos¸ “Jinoyat kodeksi bo‘yicha javob beraymi¸ yoki real hayot bo‘yicha”¸ degan savol bilan gap boshladi.

Jinoyat kodeksida odam o‘g‘irlash¸ voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish uchun bir qator jazo ko‘zda tutilgan. Bu jinoyatlar retsidivist tomonidan amalga oshirilsa¸ jazo yanada og‘irlashadi. Lekin amalda o‘zbekmi¸ tojikmi¸ lo‘limi¸ ko‘pchilik oilalar qizimni badnom qildi¸ oilamiz sharmanda bo‘ldi¸ deb qizini o‘g‘irlab¸ uning nomusiga tekkan shaxs bilan kelishuv qiladi. To‘y qilib, olish shartiga ko‘nsa¸ IIBga “da’voim yo‘q¸ majburlash bo‘lmagan¸ zo‘rlash bo‘lmagan” deb yozib beradi. Bunday vaziyatda o‘g‘ri va zo‘ravon jazosiz qoladi”.

Ozodlik suhbatlashgan huquqshunos¸ oilalarning pul va to‘y evaziga olib qochilgan va zo‘rlangan qizni olib qochgan zo‘ravonga nikohlab berishga rozi bo‘lishiga qaramay¸ hodisaga davlat aralashishi shartligini aytadi.

Olib qochilib¸ nomusiga tegilgan qizlar “o‘zim xohladim” deb¸ ota-onasi “da’voim yo‘q” deb yozib bergan taqdirda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib¸ davlat aralashishi shart. Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish bu og‘ir jinoyatlar sirasiga kiradi. Ayniqsa¸ bu ishni avval ham jinoyat sodir qilgan shaxs qilgan bo‘lsa¸u darhol qamoqqa olinishi kerak”.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “Odam o‘g‘rilash” deb nomlangan 137-moddasiga ko‘ra¸ bu jinoyat uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu harakat voyaga etmagan shaxsga nisbatan; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; yoki takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda” nomusga tegish jinoyati esa¸ Jinoyat kodeksining 118-moddasiga muvofiq¸ o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

XS
SM
MD
LG