Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2022, Тошкент вақти: 07:42

Qoraqalpog‘iston: Favqulodda holat "muddatidan avval" tugatilmoqda


Nukus, Qoraqalpog‘iston. Iyul, 2022.

O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Qoraqalpog‘iston hududida joriy qilingan favqulodda holatning amal qilishi muddatidan avval - 2022-yil 21-iyul kuni soat 05.00dan boshlab tugatiladi.

Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

2-iyulda joriy qilingan favqulodda holatning bekor qilinishiga "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining murojaatini hamda ushbu hududda jamoat tartibi tiklanganligini, fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanganligi" asos qilib keltirilgan.

Avvalroq “Yangi O‘zbekiston” gazetasi qoraqalpoq deputatlarining murojaatini e’lon qilgan, unda deputatlar ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda gumonlangan aybsiz fuqarolar, xususan, yoshlarni afv etishni ham so‘rashgandi. "Aybsiz" fuqarolar nima uchun hibsga olingani noma’lum. O‘zbek rasmiylari 500 dan ortiq odam zo‘ravonliklarga aloqadorlikda ushlanganini aytishgan. Hibsga olinganlarning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlar rad etilgan.

Shu yilning 1-2-iyul kuni Qoraqalpog‘istonda ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida rasmiylarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.

O‘zbekiston hukumati favqulodda holat nima uchun 1 oy muddatga e’lon qilingani yuzasidan hech qanday izoh bermagan. Qoraqalpog‘istonda 1-iyul kuni uzib qo‘yilgan internet aloqasi 19-iyulda qayta tiklangan, ammo bir necha soatdan so‘ng yana uzilgan. 20-iyul kunning ikkinchi yarmida Nukusda internet yana ishlay boshlagani xabar qilindi. Internet aloqasining tiklanishi voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan parlament komissiyasi Nukusga yetib borgan kunga to‘g‘ri kelgan.

Қорақалпоғистон: Ҳарбийларнинг гувоҳлиги ва мустақил терговга саволлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:42 0:00
  • Shu yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va refrendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
  • 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
  • Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
  • 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.

1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir. O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan. O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSh Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan. Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG