Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:37

Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish taklifi kimdan chiqdi va oqibatlari uchun kim mas’ul?


Nukusdagi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida, rasmiylarga ko‘ra¸kamida 18 kishi halok bo‘lgan, 243 kishi yaralangan.
Nukusdagi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida, rasmiylarga ko‘ra¸kamida 18 kishi halok bo‘lgan, 243 kishi yaralangan.

4-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonliklarni ochiq va mustaqil tergov qilishga" chaqirdi. Rasmiy Bryussel bayonotida konstitutsiyaviy o‘zgarishlar bo‘yicha noroziliklarga nisbatan prezident Mirziyoyev ko‘rsatgan tezkor munosabat olqishlagan. YeI vaziyat keskinlashishining oldini olish uchun tomonlarni bosiqlikka chaqirmoqda.

1-2-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda yuz bergan va jumladan, tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelgan ommaviy norozilik namoyishlari, tahlilchilarga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev va uning “Yangi O‘zbekiston”i uchun birinchi jiddiy siyosiy sinovga aylandi.

Bu voqealarni kuzatayotgan oddiy aholidan tortib siyosatshunoslarga qadar uni “tekis yo‘lda qoqilish”¸ “yo‘q joydan yaratilgan inqiroz” sifatida talqin etmoqda. Voqealar chog‘ida eng ko‘p yangragan iboralaradan biri "vaqt bombasi" degan ibora bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilib¸ mintaqa aholisi va hududi ihotalangan hozirgi vaziyatda tarmoqlarda jamoat faollari “Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish taklifi kimdan chiqdi va buning oqibatlari uchun kim mas’ul?” degan savolni berishmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Qoraqalpog‘iston oliy hokimiyat organi - Jo‘qorg‘i Kengesda qilgan chiqishida yuzaga kelgan vaziyat uchun masu’liyatni mahalliy qonun chiqaruvchilar zimmasiga yukladi.

"Sizlar o‘zingiz berdingizku bu taklifni"¸ dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi parlamenti deputatlari va jamoatchilik faollari qarshisida gapirgan prezident.

Ayni paytda Konstitutsiyaga o‘zgartishlar bo‘yicha mas’ul komissiya rahbari, O‘zbekiston hukumatining bosh yuristi Akmal Saidov Qoraqalpog‘istondagi noroziliklar boshlanganidan buyon hali bu borada biron izoh bergani yo‘q.

26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan o‘zgartishlarning Qoraqalpog‘istonga oid moddalari kim tomonidan taklif etilgani va qanday muhokamalardan o‘tgani qorong‘uligicha qolmoqda.

Toshkentdagi Konstitutsiyaviy komissiyaga yaqin Ozodlik manbasi komissiya raisi Akmal Saidovning boshqa, jumladan, prezidentlik muddati bilan bog‘liq 90-modda qatorida, Qoraqalpog‘istonning maqomi bilan bog‘liq moddalarni o‘zgartirishi borasida "astoydil jonbozlik ko‘rsatgani"ni ta’kidladi. Ayni paytda bu manba¸ Saidov bu jonbozlikni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari "Zaynilobiddin Nizomiddinovning bevosita topshirig‘iga binoan" qilganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston hukumatidagi boshqa bir manbaga ko‘ra¸ yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga doir moddalari yuzasidan ilk xavotirlar shu yil boshida bildirilgan. Bu mulozim ham "o‘zgartishlarga bosh-qosh bo‘lgan Administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov bu xavotirlarga quloq solmagani"ni iddao qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi xavotirlar, jumladan, Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashidagi muhokamalarda ham yangragan.

"Prezidentni "tarixiy voqea bo‘ladi", Qoraqalpog‘iston xalqi bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayapti, deb ishontirishgan", dedi Ozodlik bilan anonim tarzda suhbatlashgan O‘zbekiston hukumatidagi manba.

Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarni tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Ammo O‘zbekistondagi hokimiyat iyerarxiyasi va Prezident Administratsiyasining qudrati nazarda tutilsa, Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar Konstitutsiyaga o‘zgartishlar borasida boshqa, demokratik davlatlardagi kabi parlament emas, balki Prezident Administratsiyasi hal qiluvchi ovozga ega bo‘lganini taxmin qilishdi.

Ozodlik hozircha javobsiz qolayotgan bu savollar borasida rasmiylarning munosabatiga ochiq.

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish taklifi asosiy taklif bo‘lmagani, balki prezident muddatini uzaytirish uchun o‘ylab topilgan takliflardan bittasi ekanini aytadi. Uning fikricha, taklif kimdan chiqqanidan qat’i nazar, pirovardida oqibatlar uchun mas’uliyat prezident zimmasida:

Mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov
Mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov

-O‘zi konstitutsiyaviy islohot degan loyiha asosan bitta maqsadda – Shavkat Mirziyoyev prezidentlik muddatini uzaytirish uchun boshlanganini hamma bilib turibdi. Ammo jarayon davomida uni legitimlashtirish¸ asosiy maqsadni xaspo‘shlash uchun imkon qadar ko‘proq o‘zgarishlar qo‘shishga kirishishdi. Shulardan biri sifatida Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish taklifi ham qo‘shildi. Bu taklif aynan kimdan chiqqanini bilmaymiz. Formal tomondan qaralsa¸ bu taklif va uning o‘zgartishlar ro‘yxatiga kiritilgani uchun Konstitutsiyaviy komissiya mas’ul. Ammo ishonchim komilki¸ bu o‘zgartish ommaga taqdim qilinishidan oldin u Mirziyoyevga ko‘rsatilgan va uning roziligi olingan. Shu bois¸ bu taklif va uning oqibatlari uchun birlamchi mas’ul prezident Mirziyoyev deb bilaman. 1-iyul kungi voqealar ertasigayoq Mirziyoyev bu o‘zgartishlarni kun tartibidan olib tashladi. Vaholanki¸ bu ish rasman uning vakolatiga kirmaydi. Bu taklif parlament tomonidan berilgan bo‘lsa¸ uni bekor qilish ham parlament tomonidan qilinishi kerak edi. Ana shu qarori bilan Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston statusini o‘zgartirish taklifiga bevosita o‘zi mas’ul ekanini tan oldi.

Mustaqil jurnalist¸ kinodokumentalist Shohida To‘laganova O‘zbekistonda barcha qarorlar "prezident va uning administratsiyasi tomonidan qabul qilinadi", deb ishonadi:

Shohida To‘laganova dunyoning urush va bo‘hronlar girdobiga tortilgan davlatlaridan hozirlagan hujjatli filmlari bilan tanilgan.
Shohida To‘laganova dunyoning urush va bo‘hronlar girdobiga tortilgan davlatlaridan hozirlagan hujjatli filmlari bilan tanilgan.

- Agar Mirziyoyev bu taklif va uning oqibatlariga aloqador bo‘lmasa¸ unda mamlakatdagi haqiqiy ahvol va kayfiyatdan bexabar¸ asosiy ishi tepadan tushirilgan takliflarni qo‘l ko‘tarib tasdiqlab berish bo‘lib qolayotgan parlamentni tarqatib yuborsin. Zudlik bilan mustaqil komissiya tuzib¸ masalaning tagiga yetsin. Ammo hamma qaror prezident va uning administratsiyasi tomonidan qabul qilinadigan O‘zbekistonda bu qarorning aynan prezident va uning administratsiyasidan tushmaganini aniqlash imkoni yo‘q¸ afsuski.

O‘zbekistondagi maqomi bois jamoatchilikka ochiq gapirish vakolati yo‘qligini aytgan Toshkentdagi yevropalik kuzatuvchilardan biri Qoraqalpog‘istonda qon to‘kilishiga olib kelgan fojiali voqealar uchun mas’uliyat O‘zbekiston rasmiylari zimmasida ekanini aytdi:

-Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan qonli voqealar uchun mas’uliyat O‘zbekiston konstitutsiyasidan avtonom statusni olib tashlashga qaror qilgan rasmiylar zimmasidadir. Nima uchun bunday qaror berilgani juda mavhum. Bu ishni qilganlar yo qoraqalpoqlarning Toshkentga nisbatan yig‘ilib qolgan norozilik va e’tirozlaridan mutlaq bexabar¸ yoki ular o‘zbeklar bilan qoraqalpoqlarni atayin bir-biriga qarshi qo‘yishni maqsad qilgan. Qaysi ehtimol to‘g‘riligini bilish qiyin. Chunki O‘zbekistonda na mustaqil ijtimoiy fikr institutlari va na mustaqil sotsiologik tadqiqot markazlari bor. Shu bois¸ davlatni boshqarayotganlarning jamoatchilik kayfiyatidan mutlaq bexabarligini ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi.

Boz ustiga¸ konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish borasida qoraqalpoq jamoatchiligi bilan maslahat jarayoni deyarli bo‘lmadi. O‘zbekistonda boshqaruvchilar bilan boshqarilayotganlar o‘rtasida halol muloqot yo‘qligi ma’lum haqiqat. Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealar jamoatchilik kayfiyatini mensimaslik¸ ular fikri bilan hisoblashmaslikning nihoyatda qaltis ekani haqida berilgan kuchli signal bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG