Rasmiy Toshkent tomonidan “separatizm”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha qidiruvga berilgani ortidan 2024-yili Qozog‘istonda qo‘lga olingan qoraqalpog‘istonlik uch faoldan biri Rinat Utambetov o‘tgan hordiq kunlari O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Bu haqda Turkmaniston Xelsinki inson huquqlari jamg‘armasi ma’lumot tarqatdi.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil aprelida qo‘lga olingan 43 yoshli Rinat Utambetov o‘shandan buyon Olmaota tergov hibsxonasida saqlanayotgan edi.
Manbalarning ayrimlari faol O‘zbekistonga topshirilganiga bir haftadan ko‘proq bo‘lgani, boshqalari esa u dekabr oyi oxirida berib yuborilganini aytishmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik muxolifatchi Aman Sagidullayevga ko‘ra, hozirgi paytda Utambetov Toshkentda hibsxonada saqlanmoqda, u hali Qoraqalpog‘istonga etap qilingan emas. Faol ustidan sud bahor oxiri - yoz boshlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq Utambetov boshpana so‘rash to‘g‘risidagi iltimosnomasining ko‘rib chiqilishini to‘xtatish haqida so‘ragani va o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgani haqida yozgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning bu qarorga kelishiga Olmaotaga kelgan qarindoshlarining “o‘git”lari ta’sir ko‘rsatgan. Faol ekstraditsiyadan keyin unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayin etilishiga umid qilgan.
Utambetov muxolifat tashkilotlari a’zosi bo‘lgan emas. O‘zbekiston rasmiylari uni Telegram tarmog‘idagi virtual guruh orqali 2022-yil yozida “taqiqlangan” uchta videomaterial tarqatganlikda ayblaganlar. Qayd etilishicha, ularda Nukusdagi norozilik namoyishlari lideri Dauletmurat Tajimuratovning 2022-yil 1-iyulida masjid oldida qilgan chiqishi, qoraqalpog‘istonlik jurnalist ayol Lolaxon Qallixanova murojaati hamda shinjonlik qozoq Serikjan Bilash videosi aks etgan. Bu videolar u tomonidan asosan sinfdoshlari va ularning xotinlaridan iborat 10 kishi a’zo bo‘lgan guruh ichida tarqatilgan.
2023-yil sentyabrida Utambetov sinfdoshlaridan birining “O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz” va “Jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish” moddalari bo‘yicha 4 yilga ozodligi cheklangan. Faolning o‘zi xalqaro qidiruvga berilgan.
Inson huquqlari jamg‘armasi Utambetovga nisbat berilayotgan videomateriallarning hech biri Qozog‘iston qonunlari bo‘yicha taqiqlangan bo‘lib hisoblanmaydi, faol esa ularni Qozog‘istonda turib tarqatgan.
Huquqbonlarga ko‘ra, o‘tgan yili etnik qoraqalpoqlar huquqlari buzilishi kuzatilgan. Ular O‘zbekiston mamlakat ichkarisida internet-faollikni bostirish va qoraqalpog‘istonlik faollarni xorijdan ekstraditsiya qilinishiga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirgani, mamlakatda siyosiy mahbuslar soni ko‘paygani, ular qamoqxonalarda qiynoqlarga tutilganini ta’kidlashmoqda. Rasmiy Toshkent qatag‘onlarga oid xabarlarni rad etib keladi.
2022-yil iyul oyi boshida Nukusda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Bu chiqishlar rasmiy Toshkent Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va uning mamlakat tarkibidan chiqish huquqini bekor qilish ko‘zda tutilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi loyihasini e’lon qilgani ortidan boshlangan. Mazkur voqealar mustaqil O‘zbekiston tarixida 2005-yili Andijonda kuzatilgan chiqishlardan keyingi eng qonli voqealar bo‘lgan.
O‘zbekiston rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, ikki kun ichida Nukusda 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi tan jarohati olgan. O‘shanda 500 kishi qo‘lga olingan edi.