Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasida yangi temiryo‘l barpo etilmoqda.
“Qozog‘iston temiryo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati qaydicha, 2027-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan yangi Darvoza–Maqtaorol liniyasi Sariog‘och–Toshkent yo‘nalishiga muqobil yo‘l bo‘lib, Sariog‘och stansiyasidagi yuklamani kamaytirish va O‘zbekistonga eksportni ko‘paytirish imkonini beradi.
286 milliard tengelik (545,8 million dollar) investitsiya loyihasi doirasida bugungi kunga qadar 203 kilometrdan 100 kilometrga yaqin rels-shpal tarmoqlari yig‘ildi. Loyihani amalga oshirish uchun 46 ta yo‘l-qurilish texnikasi va 70 dan ortiq ishchi jalb etilgan.
Qozog‘iston tomoni yangi infratuzilma loyihasi respublikaning transport-tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilganini ma’lum qilgan. Loyiha doirasida Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasi orqali yangi o‘tkazish punkti ochilishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari temiryo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ozodlik yangi yil arafasida uzunligi 486 kilometrni tashkil etuvchi Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘liga tamal toshi qo‘yilgani haqida xabar qilgan edi.
Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadigan xalqaro temiryo‘lning yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnagacha yetishi, tovarni yakuniy iste’molchiga yetkazish muddati 7 kunga qisqarishi kutilmoqda.
2024-yil 16-noyabridan Olmaota – Turkiston – Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha ilk temiryo‘l sayohat dasturi ham yo‘lga qo‘yilgandi.