Линклар

Шошилинч хабар
29 май 2022, Тошкент вақти: 03:31

Qozog‘iston: Olmaotada 149 kishi halok bo‘ldi, morglardan "40 dan ortiq jasad o‘g‘irlangan"


Olmaotada o‘t qo‘yilgan mahalliy telekanal binosi- 12 - yanvar, 2022

Olmaota politsiya departamenti boshlig‘i Qanat Taymerdinov yanvar voqealarida shaharda qancha odam qurbon bo‘lganini ochiqladi.

“Fuqarolardan 149 kishi nobud bo‘ldi. Huquq-tartibot xodimlaridan 11 kishi o‘ldi”, dedi Taymerdinov 16 - yanvar kuni o‘tkazilgan brifingda.

U tartibsizliklarda ishtirok etmagan, ammo o‘qqa uchib, halok bo‘lgan tinch aholi vakillari sonini ochiqlamadi.

Bir kun avval Bosh prokuratura tartibsizliklar chog‘ida butun mamlakat bo‘yicha 225 kishi nobud bo‘lganini aytgan edi. Prokuraturaga ko‘ra, bu ilk rasmiy raqam bo‘lib, “dastlabki hisob-kitob tusiga ega”.

Тоқаев Олмаотада. Ҳибсга олинганлар сони 10000дан ошди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:51 0:00

Taymerdinov brifing chog‘ida favqulodda holat tartibi amal qilgan kunlarda shahardagi morglarga, uning ta’biricha, “professional darajada yetishtirilgan” odamlar tomonidan yettita hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.

Avvalroq Qozog‘iston rasmiylari bir necha shaharda tartibsizlik va talon-torojga ulanib ketgan ommaviy namoyishlar ortida “xalqaro terrorchilar to‘dalari” turganini iddao qilishgan edi, holbuki yanvar voqealariga tashqaridan aralashuv bo‘lganini tasdiqlovchi biron ma’lumot yo‘q.

“Hujumlarni qurol ishlatishni va jang qilish usullarini mukammal o‘zlashtirgan professional odamlar amalga oshirgan. Ular o‘lgan va yaralanganlarni qoldirmaganlar, o‘zlari bilan olib ketgan. O‘sha kunlar morglarga yettita hujum bo‘lgan va mazkur hujumlarda 41 ta jasad noma’lum kishilar tarafidan o‘g‘irlangan”, dedi Taymerdinov OAVlar vakillariga.

Taymerdinov iddao qilishicha, hujumchilar 5 - yanvar oqshomida politsiya departamenti binosiga bir necha bor hamla qilishganida u yerda halok bo‘lgan safdoshlarining jasadlarini ham olib ketishgan. Politsiya departamenti boshlig‘i hozirda shahar morglarida hujum qilganlarning murdalari bor yoki yo‘qligini aniqlashtirmagan.

Bir kun oldingi brifingda sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi mudiri Asel Artakshinova shahar shifoxonalariga keltirilgan ehtimoliy hujumchilar tibbiy yordam olishganidan so‘ng “qurolli kishilar hamrohligida ketishgan”ini aytgan edi. “Hatto jonlantirish bo‘limlarida yotganlar ham chiqib ketdi”, dedi u.

5 - yanvar kuni Olmaotada bir necha ming namoyishchi Respublika maydoniga to‘plangan va tez orada akimat binosini, undan keyin esa prezident qarorgohini ishg‘ol qildi. Ikkala binoga ham o‘t qo‘yildi. Kech oqshom vaqti ma’lum muddatga aeroport ham bosib olindi. 6 - yanvarga o‘tar kechasi shaharda do‘konlar, bank sho‘’balari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari talon-toroj etildi, bankomat va to‘lov terminallari ochildi, avtomashinalar yoqib yuborildi.

Taymerdinov 5 - yanvarda ro‘y bergan voqealar solnomasi haqida gapirarkan, o‘sha kuni “bir paytning o‘zida turli tumanlardan va shahar chekkalaridan” Olmaota markaziga qarab “20 ming kishilik olomon yurish qilgan”ini va ular politsiya xodimlaridan iborat mudofaa chizig‘ini yorib o‘tganini ta’kidladi.

“Maydon torligi va akimatda odamlar tirbandligini hisobga olib, politsiya qurol ishlatmagan, chunki bu ko‘plab odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan bo‘lur edi. Shu munosabat bilan politsiya qurol ishlatmasdan chekinishga majbur bo‘lgan. Hujum qilganlar hokimiyatni talashni boshlagan va jihozlarga o‘t qo‘yishgan”, qo‘shimcha qildi Taymerdinov.

U qurol do‘konlari “qariyb bir paytda” talon-toroj etilganini aytib, rasmiylarning hujumlar uyushqoqlik bilan va muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgani haqidagi iddaosini takrorladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Olmaotada 1347 ta qurol, jumladan 501 ta kesuvchi, 807 ta silliq stvolli va 39 ta gaz purkovchi-jarohatlovchi qurol o‘g‘irlangan.

Namoyishlar gaz narxi keskin oshishi ortidan 2 - yanvar kuni Qozog‘iston g‘arbida boshlanib, boshqa hududlarga tarqalgan edi. Tinch namoyishlar 30 yillik mustaqillik davridagi eng yomon zo‘ravonliklarga aylanib ketdi. Yuzlab odamlar hukumat binolarini bosib olishdi, ayrimlariga o‘t qo‘yishdi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini talon-toroj etishdi, avtomobillarni yoqishdi yoki ag‘darib tashlashdi. Ayniqsa, mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Olmaota ko‘proq zarar ko‘rdi. Prezident Qasim-Jo‘mart Toqayev favqulodda holat tartibini joriy etdi va kuch ishlatar xodimlarga namoyishchilarni “ogohlantirishsiz otish”ga buyruq berdi.

U davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olinganini bildirdi, ammo to‘ntarishni rejalashtirganlarning ism-familiyasi aytilmadi. 13 - yanvardan beri G‘arbiy Qozog‘iston, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston va Qarag‘anda viloyatlari hamda Chimkent shahrida favqulodda holat tartibini bekor qildi.

Toqayev mamlakatning “hududiy yaxlitligiga tahdid” vajidan KXShTdan yordam so‘raganini aytdi. Rossiya rahbarligidagi Alyans bir necha ming harbiyni yo‘lladi. Ekspertlarga ko‘ra, KXShT qo‘shinlari kiritilishi tufayli Toqayev hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashga muvaffaq bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG