Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 12:54

Qozog‘iston: Putin tashrifi kunidagi aksiya bo‘yicha ish ochildi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan Oqo‘rda qarorgohida, 2024-yil 27-noyabri
Rossiya prezidenti Vladimir Putin qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan Oqo‘rda qarorgohida, 2024-yil 27-noyabri

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashrifi chog‘ida Ostona shahridagi reklama ekrani Rossiya bayrog‘i o‘rniga dabdurustdan Ukraina bayrog‘i ko‘rsatilgani ortidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Ukraina bayrog‘i aks etgan ekran videosi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatilgan. Ekran tez orada o‘chirib qo‘yilgan. “Interfaks” agentligi qaydicha, 28-noyabr tongigacha ham ekran ishlamay turgan.

Politsiya sodir bo‘lgan voqea sabablarini o‘rganmoqda, bu sabablar orasida texnik nosozligidan ekran ishiga qasddan aralashishgacha bo‘lgan taxminlar bor.

LED-ekran egasi bo‘lgan “Keruyen Media” shirkati direktori o‘rinbosari ekranda Rossiya bayrog‘i ranglari ko‘rsatib turilgani, biroq simlardagi tutashuv sababli oq rang o‘chib qolgani, qolgan ranglar esa o‘zgarib qolgani, telefon orqali tasvirga olinsa, qizil rang sariq bo‘lib ko‘rinishini aytgan.

Qozog‘iston Davlat texnik xizmati Ostonadagi ekranga hakerlik hujumi uyushtirilib, uning ichiga kirilganini bildirdi.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum proksi-serverlardan foydalangan holda xorijdagi IP-adreslar vositasida sodir etilgan”, deya bayonot bergan muassasa ayni paytda ekranga ta’sir o‘tkazgan manba qidirilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Vladimir Putin Ostonaga 27-noyabr kuni kelgan. O‘sha kunning o‘zida uning Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralari bo‘lib o‘tgan. Payshanba kuni esa Putin Ostonada KXSHT sammitida ishtirok etgan.

Putin tashrifi kuni ikkinchi jinoyat ishi Ko‘kshetau shahrida o‘tkazilgan aksiya sababli ochilgan. Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, u yerda faollar Marat Januzakov, Baurjan Baltashev va Valixan Negmetovga “mayda bezorilik” ayblovi qo‘yilmoqda.

Januzakov jurnalistlarga uchovlon uy oldida qo‘llarida Qozog‘iston va Ukraina bayroqlarini tutib turishgani, hech narsa gapirishmaganini aytgan. Unga ko‘ra, faollar politsiya bo‘limida oqshomgi soat 9 dan tungi soat 3 gacha ushlab turilgan, endi esa bu bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Internetda yoyinlangan fotosuratda Baltashev va Negmetov bayroqlar bilan turishgani, Januzakov esa qo‘lida “Vashe prevosxoditelstvo, poshel na xren iz Kazaxstana!” (“Zoti oliylari, Qozog‘istondan daf bo‘ling!” ma’nosida) deb yozilgan varaqni ushlab olganini ko‘rish mumkin.

Veritas kz inson huquqlari guruhi politsiya “xren” so‘zini (bu so‘z o‘zbekchaga “yerqalampir” deya tarjima qilinadi) “beadab so‘z” deb hisoblab, Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 434-moddasi 1-qismi bilan ish ochganini ma’lum qilgan.

Ko‘kshetau politsiyasi vakillari Ozodlik qozoq xizmatining izoh berishga oid so‘rovini javobsiz qoldirgan.

Putin tashrifining ilk kuni Qozog‘iston poytaxtidagi bilbordlardan birida “Vashe prevosxoditelstvo, gospodin Vladimir Putin, dobro pojalovat v Astanu!” (“Zoti oliylari, janob Vladimir Putin, Ostonaga xush kelibsiz!”) deb yozilgan olqishlov joylashtirilgan edi. Putinga “Zoti oliylari” deb murojaat qilingani Qozog‘istondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bir qismini g‘azablantirgan. Buning ortidan mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Rossiya prezidentining safari “davlat tashrifi” maqomiga ega ekani, olqishlov bannerlari ham rasmiy protokolga muvofiq ekanini bildirgan.

XS
SM
MD
LG