Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:10

Qozog‘iston toshqini: O‘lim holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari ochildi


Toshqin tufayli Kulsari shahrida suv ostida qolgan uylar, 2024-yil 9-apreli
Toshqin tufayli Kulsari shahrida suv ostida qolgan uylar, 2024-yil 9-apreli

Qozog‘istondagi toshqin chog‘ida odamlarning bedarak yo‘qolishi va o‘lim holatlari bo‘yicha yettita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Kojayev ma’lum qildi.

“Ha, afsuski, bunday holatlar bo‘ldi va OAVda keng muhokama qilindi. Abay viloyatida ikki kishi yo‘qolgan, Atirau viloyatida jasad parchalari topilgan. Abay viloyatida qidiruv tadbirlari davom etmoqda”, deya iqtibos keltirgan IIV mulozimi so‘zlaridan “Vlast” nashri.

Kojayevga ko‘ra, Atirau viloyatida to‘rt kishi, Turkiston viloyatida esa yosh bola cho‘kib o‘lgan. U ikki kishi bedarak yo‘qolgan Abay viloyatida qidiruv ishlari davom etayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Orda.kz nashrining yozishicha, vazir o‘rinbosari Abay viloyatining Ayagoz tumanida so‘nggi bor suv o‘rtasidagi traktorda ko‘rilgan ikki kishini ham toshqin qurbonlari qatoriga qo‘shgan.

Avvalroq Atirau viloyatida toshqinlar chog‘ida to‘rt kishi nobud bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot tarqatilgan edi. 6-aprel kuni Kulsari shahrida yashagan ikki kishi suv ostida qolgan uylarini ko‘rish uchun traktorda yo‘lga chiqishgani, biroq traktor yo‘l chetidagi zovurga tushib ketgani oqibatida halok bo‘lishgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, 6-aprel kuni bir erkakning, 14-aprel kuni esa uning o‘g‘lining jasadi topilgan. Viloyat Favqulodda vaziyatlar departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ular avvalroq evakuatsiya qilingan, biroq keyin mustaqil ravishda uylarini ko‘rgani borishgan edi.

Bundan tashqari, avvalroq Aqto‘be viloyatining Aytekebiy tumanidagi toshqinda 10 yashar bola cho‘kib ketgani, Abay viloyatida esa to‘rt kishi bedarak ketgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG