Линклар

Шошилинч хабар
28 апрел 2025, Тошкент вақти: 16:37

Qozog‘iston va Rossiyadan ekstraditsiya qilingan qoraqalpoq faollari Nukusdagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda


Jetkerbay Abdramanov
Jetkerbay Abdramanov

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan qoraqalpog‘istonlik faol Rinat Utambetov va Rossiyadan Toshkentga yo‘llangan boshqa bir qoraqalpoq faoli Jetkerbay Abdramanov Nukusdagi tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Turkmaniston Xelsinki jamg‘armasi (TXJ) ma’lum qildi. Huquqbonlik guruhi ma’lumotiga ko‘ra, ular Toshkentdan Qoraqalpog‘iston poytaxtiga o‘tgan haftada keltirilgan.

Davlatning hududiy yaxlitligini buzishga chaqirganlik hamda xavfsizlikka tahdid soluvchi materiallarni tarqatganlikda gumonlanayotgan shaxslar o‘laroq O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan bu ikki faol 2024-yil dekabrida Toshkentga qaytarilgan edi.

“Rinat Utambetov Nukusdagi IIV 2-sonli tergov hibsxonasiga keltirilganiga oid birinchi xabarni biz 29-yanvar kuni olgan edik. Keyinroq bu ma’lumotni boshqa manbalar ham tasdiqlashdi. Jetkerbay Abdramanovga kelsak, Freedom for Eurasia tashkiloti 28-yanvar kuni uning advokatidan olingan ma’lumotga tayangan holda faol Toshkentdagi DXX tergov hibsxonasidan Nukusdagi 2-tergov izolatoriga o‘tkazilganini ma’lum qilgan. O‘sha kunning o‘zidayoq tergovchi advokatni bo‘lajak tergov harakatlari haqida xabardor qilgan”, deyilgan TXJ xabarnomasida.

Huquq faollari qaydicha, Utambetov Qoraqalpog‘istondagi muxolifat tashkilotlari a’zosi bo‘lgan emas. O‘zbekiston rasmiylari uni Telegram tarmog‘ida 10 kishi (asosan sinfdoshlari va ularning xotinlari) a’zo bo‘lgan guruh orqali 2022-yil yozida Nukusdagi norozilik chiqishlari chog‘ida “taqiqlangan” uchta videomaterial tarqatganlikda ayblaganlar. Utambetov 2024-yil aprelida O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxs sifatida Qozog‘istonda qo‘lga olingan va o‘tgan yilning dekabr oyigacha Olmaotadagi tergov hibsxonasida ushlab turilgan.

Jetkerbay Abdramanov ishiga xalqaro jamoatchilik e’tibori uning Rossiyada ushlanib, ozod bo‘lishi va keyinchalik “g‘oyib bo‘lishi” ortidan qaratilgan. Turkiyada nolegal ravishda yurgan Abdramanov Yevropaga o‘tib ketish yo‘llarini qidirayotgan bo‘lgan. U Moskvaga 2024-yilning dekabr oyida yetib borgan va o‘sha zahotiyoq qo‘lga olingan. O‘shanda u O‘zbekistonda o‘ziga qarshi jinoyat ishi ochilgani va qidiruvda bo‘lganidan xabar topgan.

Moskva prokuraturasi O‘zbekiston rasmiylaridan faol to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan va ololmagan, o‘sha paytda Abdraxmanov qo‘yib yuborilgan. U Murmanskdan Norvegiyaga o‘tib ketishni rejalagan, biroq Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, Moskvaga yo‘llangan. 27-dekabr kuni O‘zbekiston maxsus xizmatlari xodimlari Moskvaga kelib, Abdraxmanovni vataniga olib ketishgan.

XS
SM
MD
LG