Линклар

Шошилинч хабар
12 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:55

Qozog‘istonda IIV sobiq rahbari shartli ravishda 5 yilga kesildi


Yerlan Turgumbayev
Yerlan Turgumbayev

Ostonadagi jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo sud 2022-yil yanvar oyidagi voqealar chog‘ida mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanlikka (Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 362-moddasining 4-qismi) oid ish bo‘yicha mamlakat sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayevni shartli ravishda besh yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Bu haqda Ozodlikning qozoq xizmati xabar qildi.

Sud sobiq vazirga 10 yil davomida “muayyan” lavozimlarni egallashni ham taqiqlagan. Sud qarori bilan mamlakat prezidenti nomiga Turgumbayevni maxsus unvon va davlat mukofotlarida mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritiladi.

Davlat qoralovchisi suddan sobiq vazir uchun besh yillik qamoq jazosi so‘ragan. Sud matbuot xizmatiga ko‘ra, Turgumbayevga nisbatan ayblov korrupsion jinoyat alomatisiz bildirilgani uchun sud jazoni shartli deb hisoblash qaroriga kelgan.

“Ayni paytda sud sudlangan shaxsning o‘z aybini bo‘yniga olgani, uning chin dildan pushaymon ekani va birinchi marta jinoyat sodir etayotganini hisobgan olgan”, deyilgan sud xabarnomasida.

Yerlan Turgumbayev 2024-yilning aprel oyi oxirida qo‘lga olingan. Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hibs tafsilotlarini ochiqlamay, bu yerda “davlat siriga aloqador ma’lumotlar mavjud”ligi, shuning uchun ham “sudgacha tergovga oid boshqa ma’lumotlar oshkor qilinmasligi”ni qayd etgan. 2024-yil martida tergovchilar bu ish bo‘yicha Turgumbayevning protsessual maqomiga aniqlik kiritmay, uni so‘roqqa chaqirishgan edi.

Kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tomonidan norozilik aksiyalari ishtirokchilariga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilgan yanvar voqealaridan bir oy o‘tib, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turgumbayevni ichki ishlar vaziri lavozimidan bo‘shatib, o‘ziga maslahatchi etib tayinlagan edi. 2023-yili u Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) maslahatchisi etib tayinlangan.

Qozog‘istonda ommaviy norozilik chiqishlari 2022-yilning 4-yanvarida gaz narxi oshishiga qarshi mitingdan boshlanib, keyinroq rasmiylar iste’fosi talab qilingan va Nazarboyev haykallari qulatilgan ommaviy namoyishlarga aylanib ketgan. Namoyishlar Olmaota, Qo‘stanay va boshqa yirik shaharlardagi tartibsizliklar yuzaga kelishi hamda mamlakatda internet o‘chirilishi va KXSHT qo‘shinlari kiritilishi bilan yettinchi yanvarga borib tugagan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar noroziliklari va tartibsizliklari chog‘ida 238 kishi qurbon bo‘lgan, ulardan olti nafari qo‘lga olinganidan keyin qo‘llanilgan qiynoq natijasida o‘lgan. Tartibsizliklar ortidan bir necha ming kishi qo‘lga olingan, yuzlab odam o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilganini bildirgan, biroq ayovsiz muomalaga oid shikoyatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining ko‘pi keyinroq yopilib ketgan.

XS
SM
MD
LG