Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Azerbaijan Airlines uchog‘i qulashi oqibatida jabrlangan rossiyalik 9 nafar fuqaro vataniga olib chiqib ketilgan. Rossiya FVV maxsus uchog‘i ularni 26-dekabrga o‘tar kechasi olib ketdi, deya xabar qildi Mang‘istaudagi Lada.kz nashri Marg‘istau viloyat kasalxonasi bo‘lim boshlig‘i Janar Sidiqqizidan olingan ma’lumotga tayangan holda.
Hozirda Aqtaudagi kasalxonalarda uchoq qulashi ortidan shifoxonalarga yetkazilgan yana 20 chog‘li odam qolmoqda. Ulardan 19 nafari viloyat kasalxonasida, bir bola esa bolalar kasalxonasida muolaja olyapti. Yetti nafar kishi jonlantirish bo‘limida bo‘lib, ularning ahvoli o‘ta og‘ir deya baholanmoqda.
Aviahalokat chog‘ida jabrlangan ozarbayjonliklar, agar ularning sog‘liq ahvoli imkon bersa, Azerbaijan Airlines aviashirkati maxsus reysi bilan Bokuga yetkazilishi mumkin.
25-dekabr kuni Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Azerbaijan Airlines uchog‘i Aqtau aeroporti yaqinida qulab tushgan. Uchoq bortida ozarbayjonlik 37 nafar, rossiyalik 16 nafar, qozog‘istonlik 6 nafar va qirg‘izistonlik 3 nafar fuqaro doxil 67 kishi bo‘lgan. Aviahalokatda 38 kishi qurbon bo‘lgan.
Uchoq qulashi hodisasi yuzasidan jinoyat ishi ochilgan, hukumat komissiyasi tuzilgan. Halokat sababi ma’lum emas, bu borada uchoqqa qushlarning urilishidan tortib jangovar qurol unsurlarining tegishigacha bo‘lgan turli taxminlar olg‘a surilmoqda. Hodisa chog‘ida tirik qolganlar portlashga o‘xshash ovoz eshitishganini aytishgan.
Qozog‘istonlik rasmiylar hodisa bo‘yicha biror-bir xulosaga kelishga hali erta ekanini aytishmoqda. Uchoqning “qora qutilari” topilgan, hodisa tergovi bilan Qozog‘iston tomoni Ozarbayjon fuqaro aviatsiyasi agentligi va Azerbaijan Airlines aviashirkati vakillari ishtirokida shug‘ullanmoqda. Hukumat vakillari Qozog‘istonga Embraer uchog‘i zavodi hamda CENIPA (Aviatsiya hodisalarining oldini olish va tergov qilish markazi, Braziliya) vakillari uchib kelayotganini ma’lum qilishgan.