Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov 31-mart kuni toshqin oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha respublika shtabi yig‘ilishini o‘tkazgan. Ozodlikning qozoq xizmati xabariga ko‘ra, mazkur shtab yakshanba kuni prezident Toqayev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilish ortidan tuzilgan bo‘lib, unga bosh vazir Bektenov rahbar etib tayinlangandi.
Shtabning kechagi yig‘ilishida favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududlardan 11 ming 306 kishi evakuatsiya qilingani, ularning 5 ming nafardan ko‘prog‘i hozirda vaqtincha joylashtirish punktlarida yashayotganlari aytilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kechagi toshqin bir ko‘prik doxil 40 ta avtoyo‘lni yuvib ketgan. Toshqin oqibatlarini bartaraf qilishga 7 mingdan ziyod mutaxassis, 2 mingdan ziyod texnika jalb qilingan.
Hozirda Aqto‘be, Sazdi, Ashisu va Jartas suv omborlaridan suv tashlab yuborilmoqda. Aqto‘be viloyatidagi Qarg‘ali suv ombori ham to‘lib borayotgani aytilyapti. Avvalroq mahallif rasmiylar Ilek va Qarg‘ali daryolari bo‘yida yashovchi odamlarni uy-joylarini tark etib, boshqa joyga ketib turishga chaqirishgan edi.
Toshqin oqibatida vayron bo‘lgan turarjoylarni qurishga va tiklash ishlariga sarflanajak mablag‘, shtab majlisida aytilishicha, Qozog‘iston hukumati va mahalliy hokimiyatlar rezervida ajratiladi.
Oljas Bektenov “jabrlangan odamlarga moddiy yordam ko‘rsatishga zudlik bilan kirishilishi zarur”ligini bildirgan.
Yakshanba kuni Aqto‘be viloyatining Bersiyev qishlog‘i aholisi qishloq hududida ahvol juda yomonligi haqida bong urishgan: jumladan, aloqasiz qolgan qishloqdagilar maktabning ikki qavatli binosida, ayrimlar esa uylar tomida yordam kutib o‘tirishgan. U yerga juma kuni yo‘llangan vertolyot har tarafni suv bosgani uchun qo‘na olmay, ortga qaytgan. Shanba kuni esa qishloqdan odamlar qayiqlarda evakuatsiya qilingan.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonning 10 ta viloyati yuqori xavf-xatar zonasida bo‘lib, ayrim shahar va tumanlarda favqulodda vaziyat tartibi e’lon qilingan. Tabiiy ofat kuzatilgan tumanlar aholisi mahalliy rasmiylarni toshqin mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmaganlikda, havo isib ketishi bilan tezda eriy boshlagan qor uyumlarini o‘z vaqtida boshqa joylarga tashishga ulgurmaganlikda ayblashmoqda. Qor erishi tufayli paydo bo‘lgan suv turarjoylar, xo‘jalik binolariga kirib, ko‘prik va to‘g‘onlarni buzib, yo‘llarni yuvib ketmoqda.
Qozog‘iston prezident Qasim-Jomart Toqayev 30-mart kuni qozog‘istonliklar oldida uzr so‘radi. U hukumatning toshqin mavsumidagi ishini qoniqarsiz, noprofessional deb baholab, amaldorlarga intizomiy choralar ko‘rilishini bildirgan.
30-martdagi kengash yakunlariga ko‘ra, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar, suv zaxiralari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Atirau, Aqmola, Abay, Pavlodar va Olmaota viloyatlari hokimlariga jiddiy hayfsan berilgan. G‘arbiy Qozog‘iston, Aqto‘be, Qo‘stanay viloyatlari hokimlari esa o‘z lavozimiga to‘laligicha loyiq bo‘lmaganlik haqida ogohlantirish olishgan.