Линклар

Шошилинч хабар
30 май 2024, Тошкент вақти: 22:12

Qurilishdan – tasvirga olish maydoniga. Turk seriallarida o‘ynayotgan tojik migrantlari


Avenir G‘ulomnosirov olti oy ichida beshta turk serialida suratga tushgan.
Avenir G‘ulomnosirov olti oy ichida beshta turk serialida suratga tushgan.

Uch nafar tojik migranti turk seriallar industriyasidan o‘zlariga ish topib olishdi. Ular kinoda statist va kaskadyor sifatida qatnashishmoqda. Ulardan ikki nafari Turkiyaga “har qanday ishga rozi bo‘lib” kelganini aytadi.

Milliondan ortiq tojiklar o‘z vatanlaridagi surunkali ishsizlik va qashshoqlik sabab chetdan ish izlashga mahkum. Migrantlarning aksar qismi Rossiyada og‘ir mehnat bilan shug‘ullanadi.

Biroq tojikistonlik uch migrant – Izzatullo Mirzoyev, Manuchehr Sa’diyev va Avenir G‘ulomnosirovning omadlari bor ekan: ular, falakning gardishi bilan, gurkirab rivojlanayotgan turk seriallari industriyasida o‘z o‘rinlarini topib olishgan.

Hech bir aktyorlik tajribasi yo‘q sobiq quruvchilar Buraq O‘zchivit, Serkan Chayoglu kabi mashhur turk aktyorlari o‘ynagan bir nechta telenovellada kichik rollarda chiqishga ulgurishibdi.

31 yoshli Manuchehr Sa’diyev 8 yil Rossiyada qurilishda ishlagan, bir umrlik kasb-korim shu, degan xayolda yurgan. Biroq dekabr oyida uni go‘yo migratsiya qonun-qoidalarini buzgani uchun Rossiyadan deportatsiya qilishgan.

Sa’diyev boshqa ish topa olmay hafsalasi pir bo‘lgach, cho‘ntagida 30 dollar bilan Turkiyaga uchib keladi – bu tojik fuqarolariga uch oygacha vizasiz yashash huquqini beruvchi kamsonli mamlakatlardan biri edi.

“Uchoqdayoq yon-verimdagi yo‘lovchilardan surishtira boshladim: qanday qilib ijaraga xona topsa bo‘ladi? Qayerdan qanaqa ish topish mumkin? Men har qanaqa ishga tayyor edim, chunki kun kechirishim kerak edi. Yonimda o‘tirgan odam bir kino shirkati kaskadyorlar qidirayotganini aytib qoldi, – deydi yigit. – Undan shirkat raqamini oldim va har kuni qo‘ng‘iroq qilib, menga ish beringlar, deb yalindim”.

Tez orada Manuchehrni tarixiy mavzudagi teleserial uchun kaskadyor qilib olishadi. Bu uning kino industriyasidagi ilk tajribasi edi. Shundan so‘ng yangi takliflar tushadi va yigit Istanbulda kamtarona hayot kechirishiga yetarli pul ishlaydi, hatto o‘zidan orttirib uyiga ham uncha-muncha jo‘natadi.

Turk seriallari Markaziy Osiyo mamlakatlarida juda mashhur.

“Bir kuni xolamnikida turk serialini ko‘rib o‘tirganimizda: “Xola, shunaqa filmlarda chiqishimni bir tasavvur qilib ko‘ring-a”, deganim yodimda. Bu hazil edi, aktyorlikni hech qachon orzu qilmaganman, bir kun kelib kaskadyor bo‘lish-ku yetti uxlab tushimga kirmagan”, hikoyasini davom ettiradi Manuchehr.

U yangi kasbida muayyan xavf-xatar, qaltisliklar mavjudligini tushunadi.

“Kaskadyorlarga eng xavfli rollar beriladi. Masalan, [film syujeti bo‘yicha] biz tarafga bomba otishadi, temir parchasi sachrashi ehtimoli doim bor. Yoki otdan yomon yiqilishing, jang sahnalarida boshingdan yoki ko‘zingdan jarohat olishing mumkin”, deydi u ishining nozik jihatlari haqida so‘zlarkan.

Kim kimga pul to‘laydi?

Izzatullo Mirzoyev 2019-yilda Turkiyaga kelgach dastlab to‘qimachilik fabrikasida ishlagan, biroq oyligi juda kam bo‘lgani uchun ko‘ngli to‘lmay, doim boshqa ish so‘rab-surishtirgan ekan. Kunlarning birida ozarbayjonlik migrant o‘rtog‘i unga kinoda kichik rollar ijrochisi bo‘lib qatnashishni taklif qiladi.

34 yashar Mirzoyev Turkiyaga kelguniga qadar bir necha yil pauerlifting (shtanga, toshlar ko‘tarish) sporti bilan shug‘ullangan, musobaqalarda ishtirok etgan. U paylari qavarib turgan tanam, og‘ir toshlar bilan ko‘p mashq qilganim kinoda statist (so‘zsiz rollar ijrochisi) bo‘lib ishga kirishimga yordam berdi, deb hisoblaydi.

“Men sodda, birinchi kuniyoq prodyuserdan “kinoda o‘ynashni taklif qilganingiz uchun pul to‘lashim kerakmi?” deb so‘rabman. U anqayib qoldi. “Kim kimga pul berishi kerak?” deb qayta so‘radim. “Yo‘q, biz sizga pul to‘laymiz”, deyishdi”, jilmayadi Izzatullo.

ОЗОДЛИК ФИЛЬМИ: Вайроналар остидаги Антакияга сафар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:37:11 0:00

U oyiga to‘rt ming dollargacha pul topayotganini aytadi. Aytishicha, yangi ishi daromad berib tursa bas, shon-shuhrat uni qiziqtirmaydi.

“Ba’zan menda bir-ikki luqma so‘zi bor sal ko‘rinarli rolni olish imkoniyati paydo bo‘ladi, lekin o‘zim xohlamayman, chunki bunaqa rol bir syomka kunidayoq tayyor bo‘ladi. Menga juda kichik bo‘lsa ham, suratga olish uzoqroqqa cho‘ziladigan epizodik rol kerak, chunki har bir suratga olish kuni kuni uchun pul to‘lanadi”, deydi Mirzoyev.

Osilsang, baland dorga osil!

Tojik statist aktyorlaridan eng yoshi – 26 yashar Avenir G‘ulomnosirov o‘tgan yilning noyabrigacha Rossiyada ishlardi. Istanbulga kelganiga endi olti oy to‘lgan bo‘lsa-da, u beshta filmda suratga tushishga ulguribdi.

Avenir o‘zini turk seriallarining ashaddiy muxlisi deb ataydi. Ayniqsa, 2019-yildan beri namoyish etilayotgan “Qurilish: Usmon” teleserialini sevib tomosha qilar ekan.

O‘tgan yili statist bo‘lib qatnashishga ariza berib, o‘zi yoqtirgan “Qurilish: Usmon” serialida epizodik rolni qo‘l kiritibdi. Keyin esa “Quddus fotihi: Salohiddin Ayyubiy” va “Mehmed: fotih sulton” seriallarida qatnashibdi.

“Menga so‘zi bor rollarni berishmaydi, chunki turkchani yaxshi bilmayman, – deydi u. – Ammo birinchi ishimdan keyinoq turk tilini o‘rgana boshladim, imkoniyatlarimni oshirmoqchiman”.

G‘ulomnosirov Turkiyada bo‘ladimi yoki Tojikistondami, kino industriyasida nom qozonishni rejalayotganini aytadi.

Biroq Turkiya yaqinda Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi – yangi qoidalar 20-apreldan kuchga kiradi. G‘ulomnosirov Turkiyada o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishda davom etish uchun ishchi viza olishga ariza bergan.

XS
SM
MD
LG