Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 dekabr kungi majlisida 2024 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trillion so‘mga oshirildi. Shu tariqa davlat budjeti xarajatlari avval tasdiqlangan 255,4 trillion so‘mdan 265,4 trillion so‘mga ko‘paytirildi.
Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, majlisga yig‘ilgan deputatlarning barchasi o‘zgarishlarni bir ovozdan yoqlab ovoz bergan. Muhokama jami 9 daqiqa davom etgan. Shundan 5 daqiqasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning nutqiga sarflangan.
Hukumat taklif qilgan loyihaga asosan, budjet tashkilotlaridagi vakant lavozimlar va samarasiz, bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini qisqartirish hisobiga 1 trillion so‘m, bolalar nafaqalari va moddiy yordamdan 2 trillion so‘m, vazirlik va idoralarni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lardan 1,7 trillion so‘m iqtisod qilinishi kutilyapti.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov davlat tashqi qarzining yillik limiti 5 milliard dollardan 7,3 milliard dollargacha oshirilganiga e’tibor qaratgan.
“Qonunchilik palatasi zalida qo‘r to‘kib o‘tirgan po‘rim deputatlarning birortasi ham qarshi ovoz berishga jur’at etmagani”ni tanqid qilgan jamoatchilik faollari hukumat ham, parlament ham davlat xarajatlarini oshirish zarurligini asoslab bermaganini tanqid qilishgan.