Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 10:37

“Real Tex Tashkent” klasteri fermerlarning ikki yillik bug‘doy va paxta pulini to‘lamayapti


Klasterlar ikki yildan buyon paxtaning pulini fermerlarga o‘z vaqtida to‘lash shartnomasini bajarmayapti.

Toshkent viloyat, O‘rtachirchiq tumanidagi “Real Tex Tashkent” klaster korxonasi fermerlarning 2020 - yil bug‘doy va paxta pulini to‘lab bermayapti.

Ba’zi fermerlar hatto 2019 - yilning paxta pulini olmaganligini aytmoqda.

Fermerlarning noroziligidan so‘ng, 25 - yanvarda qarzini uzishga va’da bergan klaster rahbariyati oradan bir oy o‘tayotgan bo‘lsa ham, hozirgacha fermerlarga bir so‘m bermagan.

Juda og‘ir iqtisodiy sharoitda qolgan fermerlar, dala ishlarini jonlantirish uchun pul topolmayotgani sababli mol-holini sotishga majbur bo‘lmoqda.

“Real Tex Tashkent” klaster korxonasi muassisi Isroil Yunusov kelgusi haftaning seshanba kunigacha fermerlarning bug‘doy va paxta puli yuz foiz berilishiga va’da berdi.

Ozodlik O‘rtachirchiq tumanidagi “Real Tex Tashkent” klaster korxonasi bilan shartnoma qilgan o‘nga yaqin fermer bilan gaplashdi.

“Yoshlik” fermer xo‘jaligining rahbari Olim Yo‘ldoshevning aytishicha, u hatto bug‘doy pulini ham shu paytgacha ololmagan:

Cho‘ntagimiz tamoman qurib qoldi, bunaqasi hali bo‘lmagan edi.

“Bug‘doydan 50 million, paxtadan 91 million so‘m pulimni shu paytgacha ololmadim. Hokimiyatdagi katta yig‘ilishda 25 - yanvargacha hammasini tushiramiz deb ishontirgandi. Mana oradan bir oy o‘tyapti, bu ham quloqqa osilgan navbatdagi lag‘mon bo‘lib qoldi. Biz yer, suv solig‘i to‘lashimiz kerak, ular penya tug‘ib yotibdi. Ishchilarimizga bergani pul yo‘q, ularning ham bola-chaqasi bor. Cho‘ntagimiz tamoman qurib qoldi, bunaqasi hali bo‘lmagan edi, shartnomani bajarib mahsulotingni sotsangu, pulingni ololmasang!”

“Abduvaliyev Muhriddin” fermer xo‘jaligi rahbari Muhriddinning aytishicha, uning amakivachchalari doxil to‘rt fermer xo‘jaligi 2019-2020 - yillar uchun jami 1,5 milliard so‘m pulini shu paytgacha ololmagan.

“Valijon Fathiddin” fermer xo‘jaligining rahbari Ma’mura Karimova ham klaster korxonasi undan qariyb bir milliard so‘m qarzdor ekanligini aytadi:

Lekin keyin bu urug‘likka o‘tmadi, deb bahona qilib qolgan 160 million so‘m pulimizni bermayapti.

“Bizda ikkita fermer xo‘jaligi bor. 2019 - yilda topshirgan paxtamizdan 160 million so‘m pulimiz qolgan. Lekin olmagan pulimizning QQSni olib bo‘lishgan. Men urug‘lik paxtaga shartnoma qilgan edim. Bu nav uchun qo‘shimcha mehnat, qo‘shimcha xarajat bo‘ladi. Masalan, uch-to‘rt marta oshiqcha choptirganmiz, texnika ishlovi ham ko‘p bo‘ladi. Kuniga 70-80 ming so‘mdan odam yollab ishlatganmiz. A’lo sifatli paxta topshirdik, urug‘lik deb qabul qilib olishdi. Lekin keyin bu urug‘likka o‘tmadi, deb bahona qilib qolgan 160 million so‘m pulimizni bermayapti. 2020 - yil uchun ham ikki fermer xo‘jaligimiz paxtasi uchun 760 million so‘m olishimiz kerak, lekin shu paytgacha bir so‘m ham bergani yo‘q!”

Ma’mura Karimovaning aytishicha, fermerlar dala ishlarini to‘xtatib qo‘ymaslik uchun hol-holini sotishga majbur bo‘lmoqda:

Biz klasterni bunday tasavvur qilmagan edik. Klaster bo‘lmadi, balo bo‘ldi!

“Biz mehnatdan qochmaymiz. Lekin moddiy tomondan juda qiynaldik. O‘zimizning fermamizda 17 ta qoramol, 250 ta qo‘yimiz bor edi. Sotyapmiz, sotyapmiz, yetmaganiga moshinani sotyapmiz. Chunki dalada naqd pul bermasangiz odamlar ishlamaydi. Borimizni rasxod qilib, to‘kilib bo‘ldik. Biz klasterni bunday tasavvur qilmagan edik. Klaster bo‘lmadi, balo bo‘ldi!”

Ozodlik suhbatlashgan o‘rtachirchiqlik boshqa fermerlar ham mablag‘siz og‘ir ahvolda qolishganini aytishdi.

Ozodlik “Real Tex Tashkent” klaster korxonasining yangi rahbari Jasur ismli mulozimga qo‘ng‘iroq qilganida u o‘zining Jasur ekanligini tasdiqladi, ammo Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng, “men boshqa odamman”, deb aloqani uzdi.

“Real Tex Tashkent” klaster korxonasi muassisi Isroil Yunusov Ozodlik bilan suhbatda korxonaning fermerlar oldida qarzi borligini tasdiqlar ekan, kelgusi haftaning seshanba kunigacha bu muammo hal bo‘lishiga va’da berdi:

“Kuni-kecha paxta zavodi ishchilarining maoshi berilmayotgani haqida yozgan edingizlar. Bugun bu muammo yuz foiz hal bo‘ldi. Ishchilarning maoshlari to‘liq to‘landi. Fermerlarning paxta puli ham dushanba-seshanba kunlari yuz foiz to‘lab beriladi. O‘zim qo‘ng‘iroq qilib natijasini aytaman”.

Ozodlik Toshkent viloyat, 17 - fevral kuni O‘rtachirchiq tumanidagi “Real Tex Tashkent” klaster korxonasining “Qorasuv paxta tozalash” zavodi ishchilari ikki oylik maoshlari berilmaganidan norozi bo‘lib, ish tashlagan va bu aksiya qariyb 3 kun davom etgani haqida xabar bergan edi.

19 - fevral kuni ishchilar Ozodlikka yana murojaat qilib dekabr oyi maoshlari berilgach, ishga chiqqanlarini aytdi.

O‘rtachirchiq tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining aytishicha, 155ta paxtachilik fermer xo‘jaligining 90 foizi hosil pulini ololmagan. Klasterning fermerlardan 26 milliard so‘mdan ortiq qarzi bor.

Ozodlik bundan avval ham O‘zbekistonda klasterdan paxta pulini o‘z vaqtida ololmagan o‘nlab tumandagi fermerlar muammolarini yoritgan edi.

Buxoro viloyatidagi “WWW Romitex MChJ” klaster korxonasi fermerlarning paxta pulini to‘lamagan edi.

Andijon viloyat, Izboskan tumanidagi “Sohib omad baraka” klaster korxonasi, fermerlarning 2019 - yil uchun 2,6 milliard, 2020 - yil uchun 22 milliard so‘m paxta pulini to‘lab bermagan.

Fermerlarning aytishicha, 2020 - yilning paxta pulidan esa hali darak yo‘q.

XS
SM
MD
LG