Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:11

Reuters: Eron teraktdan oldin Rossiyani ogohlantirgan


Eron “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga hujumdan avval Rossiyani mamlakat hududida keng ko‘lamli “terror amaliyoti” o‘tkazilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan, deya xabar qildi Reuters agentligi uch manbadan olingan ma’lumotlarga tayangan holda. 22-mart kuni Moskva viloyatidagi konsert zaliga qilingan mazkur hujum Rossiyaning eng yangi tarixidagi eng yirik teraktlardan biri o‘laroq baholanmoqda.

“Hujumdan bir necha kun oldin Tehron Moskvaga Rossiyada yirik terakt bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan. Bu ma’lumot Eronda portlashlar uyushtirganlikda gumonlanib qo‘lga olinganlarni so‘roq qilish natijasida olingandi”, deya bildirgan agentlik suhbatdoshlaridan biri.

Reuters xabarida Eron va Rossiya xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarda tig‘iz hamkorlik qilib kelishi, bu hamkorlik ayniqsa Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga hujum boshlagan 2022-yil fevralidan keyin yanada kuchayganiga e’tibor qaratilgan.

Eronda so‘nggi paytlarda eng yirik terakt 3-yanvar kuni sodir bo‘lgan. Mazkur teraktda general Qosim Sulaymoniy o‘limining 4 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan motam marosimida ishtirok etgan o‘nlab odam qurbon bo‘lgandi. Portlash uchun mas’uliyatni “Krokus Siti Xoll”ga hujumda bo‘lgani kabi “Islom davlati” terror tashkilotining Afg‘onistondagi “Viloyati Xuroson” bo‘linmasi o‘z zimmasiga olgan.

Bu orada Rossiya rasmiylari “Islom davlati” teraktga aloqadorligi bo‘yicha mulohazalarni izohlamay, unga Ukraina aloqador ekaniga oid iddaolar bilan chiqishlar qilishmoqda, Kiyev esa bu iddaoni qat’iyan rad etyapti. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Eronning muhtamal ogohlantiruvi haqida o‘ziga hech narsa ma’lum emasligini bildirgan.

Rossiyaning yirik shaharlarida teraktlar ehtimoli haqida Moskvani AQSH va ittifoqchilari ham ogohlantirishgan. AQSH Eron bilan dushmanona munosabatda ekani dunyo jamoatchiligiga ma’lum. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) AQSH hujum hozirlanayotgani haqida ma’lumot yetkazganini e’tirof etgan, biroq bu ma’lumot, rossiyalik chekistlarga ko‘ra, batafsil bo‘lmay, “umumiy” bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG