Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 03:35

Rossiya Farg‘ona viloyatidan pomidor va qalampir olib kirishni taqiqladi. O‘zbekiston muzokara olib bormoqda


Cheklov faqat Farg‘ona viloyatidan keltirilayotgan pomidor va qalampirga kiritilgan

Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) joriy yilning 26 - noyabridan mamlakat hududiga O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlab qo‘ydi. Rosselxoznadzor bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida zararli virus aniqlanganini ma’lum qildi.

Shu kuniyoq ikki mamlakat rasmiy doiralari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali so‘zlashuvlar natijasida karantin choralari vaqtinchalik kiritilgani, O‘zbekiston tomoni bu masalada maxsus tekshiruv o‘tkazib, qisqa muddat ichida muammo yechimini topishga tayyor ekani ma’lum qilindi.

Rossiya Rosselxoznadzori 26 - noyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyatidan pomidor va qalampir olib kirishni taqiqladi. Bu xaqda ma’lumot idoraning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Rosselxoznadzor matbuot xizmati qaydicha, bu chora O‘zbekistonning mazkur hududidan keltirilgan pomidor va qalampirlarda meva virusi (Tomato brown rugose fruit virus (ToBRFV)) aniqlangani vajidan ko‘rilgan.

Ozodlik bilan suhbatda tashkilot rasmiylari zikr etilgan virusning Rossiya hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida, karantin va o‘simliklarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro konvensiya moddalariga asoslangan holda, Farg‘onadan pomidor va qalampir import qilishga cheklov kiritilganini bildirdi.

Rossiya chegarasidagi asosiy fitosanitariya nazoratini olib boruvchi Saratov viloyati Rosselxoznadzor boshqarmasining Karantin bo‘limi xodimasi cheklovlar O‘zbekistonning boshqa hududlariga tegishli emasligini ta’kidladi:

- 26 - noyabrdan tomat va qalampirlarni olib kirishga cheklov qo‘yildi, chunki unda viruslar aniqlandi. Qachongacha taqiq amal qilishi noma’lum. Cheklov faqat Farg‘ona viloyatidan keltirilayotgan pomidor va qalampirga qo‘yilgan. Farg‘onadan qolgan mahsulotlar va boshqa viloyatlardan barcha meva-sabzavot tegishli sertifikatlar asosida bemalol olib kirilaveradi, - dedi Saratov viloyati Veterinariya va fitosanitariya nazorati boshqarmasi rasmiysi.

Ayni damda 26 - noyabr kuniyoq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati rahbariyati o‘rtasida telefon orqali muzokaralar bo‘lib o‘tgani xabar qilindi.

Rosselxoznadzor rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni qisqa muddat ichida ko‘rsatilgan virus masalasida taftish o‘tkazishi va natijalar bo‘yicha Rosselxoznadzorga ma’lumot berishini bildirgan. Shuningdek, o‘zbek rasmiylari Rossiya Federatsiyasiga olib kirilayotgan o‘simlik mahsulotlarining fitosanitariya sertifikatlashtirilishi jarayonini qayta ko‘rib chiqishni, nafaqat tayyor mahsulot, balki o‘simlik urug‘larini ham jiddiy laboratoriya tekshiruvi ostiga olishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekiston O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi o‘simliklar karantini sohasida faoliyat yuritayotgan o‘z laboratoriyalari mutaxassislari malakalarini oshirishda manfaatdorlik bildirgani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yili 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtirildi (2019 - yilda bu ko‘rsatkich 19,2 foizni tashkil etgan).

Oxirgi bir necha yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni keskin ko‘paytirgan O‘zbekiston 2020 yil davomida Rossiya Federatsiyasiga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha Turkiya, Marokash va Misrdan uzib, Xitoydan keyingi ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

O‘zbekiston Rossiyaga eng ko‘p ekport qiladigan meva-sabzavotlar uchligiga pomidor (19,3%), karam (13,8%) va limon (8 %) kiradi.

Bugunga kelib O‘zbekiston 80 mamlakatga 180 xildagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi.

XS
SM
MD
LG