Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:31

Rossiya gumanitar yo‘lak ochishga, AQSh esa Ukrainaga yordamni ko‘paytirishga va’da berdi


24-aprel kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi.
24-aprel kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kiyevga qilgan birinchi tashrifida Ukrainaga 700 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita harbiy yordam ko‘rsatilishini e’lon qildi.

Pulning yarmiga yaqini Ukrainaga, qolgani esa NATO a’zolari va boshqa mintaqaviy ittifoqchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

24-aprel kuni oqshomda Ukraina poytaxtiga yetib kelganidan so‘ng darhol Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan amerikalik rasmiylar Vashington Kiyevga 165 million dollarlik o‘q-dorilar sotishini ham ma’lum qildi.

Rasmiylar Ukraina hududini tark etganidan keyingina tasdiqlangan safardan so‘ng, Blinken Rossiyaning urush maqsadlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va "Ukraina muvaffaqiyat qozonayotganini" aytdi.

Prezident Jo Bayden mandati boshlangan o‘tgan yildan buyon Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qariyb 4 milliard dollarlik harbiy yordam yubordi. O‘tgan haftada yana 800 million dollarlik yangi yordam paketini e’lon qildi.

Blinken Polsha-Ukraina chegarasi yaqinida jurnalistlar bilan suhbatda, Polshadan Ukrainaga poyezdda sayohat qilganini aytdi.

Blinken Kiyevga tashrif “Ukraina hukumatini doimiy qo‘llab-quvvatlashimizni” to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish imkoniyatidir, deya ta’kidladi.

Lloyd Ostin ham o‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar agar Ukraina Rossiya bilan urushda “munosib qurollarga” ega bo‘lsa, g‘alaba qozonishi mumkinligiga ishonishini aytdi.

"G‘alaba qozonish uchun birinchi qadam – g‘alaba qozonishingizga ishonishdir. Ular bizning g‘alaba qozonishimizga ishonishadi", dedi Ostin jurnalistlarga.

“Biz g‘alaba qozonishimiz mumkinligiga ishonamiz, Ukraina munosib qurol-aslahaga, munosib dastaklashga ega bo‘lsa, g‘alaba qozonishi mumkin”, dedi u.

25-aprel kuni Oq uy Bayden AQShning Slovakiyadagi elchisi Bridjit Brink nomzodini Kiyevdagi yangi elchi sifatida ilgari surayotganini aytdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi 25-aprel kuni Azovstal po‘lat zavodidan tinch aholining evakuatsiya qilinishi uchun gumanitar yo‘lak ochishini ma’lum qildi.

Rossiya qo‘shinlari “2022-yil 25-aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 14:00 dan boshlab bir tomonlama tartibda har qanday harbiy harakatlarni to‘xtatadi, bo‘linmalarni xavfsiz masofaga olib chiqadi va tinch aholi olib chiqib ketilishini ta’minlaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ammo Ukraina rasmiylarining aytishicha, Rossiya kuchlari Azovstal hududidagi Ukraina pozitsiyalariga raketa va bomba zarbalari bergan.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, u yerda 1000 ga yaqin tinch aholi yerto‘ladan boshpana topgan. Evakuatsiya tashkil qilish bo‘yicha avvalgi urinishlar bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Ukraina temir yo‘l xizmati rahbari 25-aprel kuni mamlakatning markaziy va g‘arbiy qismlaridagi beshta bekat raketa zarbalariga uchraganini xabar qildi.

"Rossiya qo‘shinlari temir yo‘l infratuzilmasini tizimli ravishda yo‘q qilishda davom etmoqda. Bugun ertalab, bir soat ichida Ukrainaning markaziy va g‘arbiy qismidagi beshta temir yo‘l vokzallari o‘qqa tutildi”, dedi temir yo‘l rahbari Aleksandr Kamishin.

Rossiya 25-aprel kuni Ukrainaning markaziy Vinnitsa viloyatidagi ikkita shaharchaga raketa uchirdi, buning oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni noma’lum deya xabar berdi viloyat gubernatori Sergey Borzov.

Ukraina shimolida, Rossiya chegarasida 25-aprel kuni erta tongda neft inshootida yong‘in chiqqan, biroq neft omborlaridagi yong‘in sabablari haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

“Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Ukrainada maxsus harbiy operatsiyani davom ettirmoqda”, deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.

“Yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi qurollar Kremenchuk shahri shimolidagi neftni qayta ishlash zavodida yoqilg‘i ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, Ukraina harbiy texnikalari uchun neft mahsulotlari saqlash omborlarini yo‘q qildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Biroq, Rossiya bayonotini mustaqil ravishda tasdiqlash imkonsiz. Ukrainaning Poltava viloyati gubernatori Kremenchuk neftni qayta ishlash zavodi shu oy boshida vayron qilinganini aytgan edi.

24-aprel kuni Donetskda besh nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, yana besh nafari yaralandi, dedi qamaldagi sharqiy viloyat gubernatori Pavlo Kirilenko. Rasmiylar Xarkov shimoli-sharqida ham o‘lganlar haqida xabar berdi.

Kreml Rossiya kuchlari qattiq qarshilikka uchragach, urushning birinchi bosqichi yakunlanganini va endi harbiy kampaniya sharqdagi Donbassni egallashga qaratilganini aytib, ortga chekindi.

Britaniya Mudofaa vazirligi 25-aprel kungi navbatdagi bayonotida, strategiya o‘zgargandan keyin Moskva faqat “kichik yutuqlarga” erishganini aytdi.

“Moddiy-texnik va jangovar yordamning yetarli darajada emasligi sababli Rossiya aytarli muvaffaqiyatga erisha olmadi”, deyiladi bayonotda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 25-aprel kuni Turkiyaga, keyin esa Moskva va Kiyevga borishi rejalashtirilgan.

Zelenskiy Guterrishning Ukrainadan oldin Rossiyaga tashrif buyurishi xato ekanligini aytdi.

XS
SM
MD
LG