Линклар

Шошилинч хабар
27 май 2022, Тошкент вақти: 10:52

Rossiya Mariupolga yangi ultimatum qo‘ydi


19-aprel kuni Mariupolda vayron bo‘lgan turar-joy binosi oldida ko‘z yosh to‘kib turgan mahalliy aholi vakili Tamara xola.

Ukrainaning sharqiy viloyatlariga hujumlarini kuchaytirgan Rossiya Mariupol shahridagi sanoat majmuasiga qamalib qolgan ukrainalik himoyachilarga taslim bo‘lish talabi bilan yangi ultimatum qo‘ydi. G‘arb hukumatlari Ukrainaga og‘ir artilleriya jo‘natish va tajovuzkor Moskvaga qarshi yanada ko‘proq sanksiyalar joriy etishga va’da berdi.

“Rossiya qurolli kuchlari chin insonparvarlik tamoyillariga asoslangan holda, 20-aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 14:00 dan boshlab millatchi batalyonlar jangarilari va xorijiy yollanma askarlarga harbiy amaliyotlarini to‘xtatishni va qurollarni tashlashni yana bir bor taklif qiladi”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Ukraina harbiylari Rossiya qo‘shinlari 20-aprel kuni erta tongdan ukrainalik harbiylar va tinch aholi vakillari qamalda qolgan Mariupoldagi Azovstal po‘lat zavodiga hujumlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Mariupolning qamalda qolgan Azovstal elektr stansiyasidagi ukrainalik qo‘mondon yordam so‘rab, dengiz piyoda qo‘shinlari “so‘nggi kunlarni yashayotgani”ni aytdi.

"Dushman bizdan 10 baravar ko‘p", dedi 36‑alohida dengiz piyodalari brigadasidan Sergey Volina.

Ukraina kuchlari so‘nggi 24 soat ichida Donetsk va Luganskda Rossiya qo‘shinlarining 10 ta hujumini qaytardi, dedi ukrainalik harbiylar.

Kiyev va Moskva 29-martdan beri yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazmayapti. Ularning buzilishida tomonlar bir-birini ayblamoqda.

“Keyingi yuzma-yuz muzokaralar qachon bo‘lishini aytish qiyin, chunki rossiyaliklar “maxsus operatsiyaning ikkinchi bosqichi”ga jiddiy kirishgan”, dedi Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixaylo Podolyak.

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina mojarosini muhokama qilish uchun ittifoqchilarning virtual uchrashuvini o‘tkazdi.

Videokonferensiyada Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ruminiya, Polsha, Italiya, Kanada va Yaponiya rahbarlari qatnashgan.

Konferensiyadan so‘ng ishtirokchilar Ukrainaga yordam hajmini ko‘paytirishga kelishib olgan.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki, "Biz ularga ko‘proq o‘q-dori yetkazib berish va harbiy yordam ko‘rsatishda davom etamiz", dedi. Shuningdek, u yangi sanksiyalar ham tayyorlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Keyingi bosqichda Ukrainaga artilleriyalar yuboriladi, dedi Bayden jurnalistlarga.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson urush "artilleriya mojarosiga aylanishi" va Ukrainaga ko‘proq artilleriya kerak bo‘lishi haqida gapirdi: "Biz ularga boshqa ko‘plab yordamlar qatorida bu masalada ham ko‘mak beramiz", dedi Jonson.

Germaniya kansleri Olaf Sholts Berlin Germaniya sanoatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga qurol yetkazib berishni moliyalashtirishga va’da berdi.

Uning aytishicha, Germaniya tomonidan yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan qurollar sirasiga tankka qarshi qurollar, havo hujumidan mudofaa qurilmalari, o‘q-dorilar va “artilleriya to‘qnashuvida” qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan uskunalar kiritilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaga ittifoqchilar omborlarida yillar davomida saqlanayotgan qurollar berilishi kerakligi haqida gapirdi.

AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, Ukraina armiyasi qo‘shimcha samolyotlar va shikastlangan samolyotlarni ta’mirlash uchun ehtiyot qismlar olgan. Pentagonda jurnalistlarga bergan intervyusida Kirbi qaysi davlatlar samolyotlar berganini batafsil ochiqlamadi, ammo Qo‘shma Shtatlar ehtiyot qismlarni jo‘natishda yordam berganini aytdi.

Deyarli sakkiz haftalik urushda Kiyev va boshqa yirik va strategik shaharlarni qo‘lga kirita olmagan Moskva endigi maqsadi 2014-yildan beri Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayirmachilar nazoratida bo‘lgan Donetsk va Lugansk viloyatlarini to‘liq qo‘lga kiritish ekanini aytmoqda.

Ukraina Bosh shtabi avvalroq minglab rus qo‘shinlari sharqdagi 480 kilometr uzunlikdagi front chizig‘i bo‘ylab hujumni kuchaytirayotganini aytgan edi. Zelenskiy esa buni “Donbass jangi”ning boshlanishi deb atagan.

Ukraina ommaviy axborot vositalari Donetsk viloyatidagi Mariyanka, Slavyansk va Kramatorsk shaharlari kuchli o‘qqa tutilganini xabar qildi. Rasmiylar Rossiya kuchlari “Donetsk, Lugansk va Xarkov viloyatlarining deyarli butun front chizig‘i bo‘ylab” Ukraina mudofaasini yorib o‘tishga urinayotganini aytmoqda.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Xarkovga tushgan snaryadlar va raketalar turar-joy va boshqa binolarni vayron qilgan, to‘rt kishi halok bo‘lgan, 14 kishi yaralangan.

Lugansk viloyati gubernatori Sergey Gayday “Rossiya kuchlari “har tomondan” hujum uyushtirayotganini, rasmiylar esa aholini evakuatsiya qilishga urinayotganini va tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini aniqlash imkonsizligini” xabar qildi.

XS
SM
MD
LG