Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:25

Rossiya rasmiylari potensial muxoliflarining o‘tmishini kavlayapti


Liberal muxolif siyosatchi Dmitriy Gudkov uyida tintuv o‘tkazilayotgan paytda OAVga gapirmoqda, 1 - iyun 2021
Liberal muxolif siyosatchi Dmitriy Gudkov uyida tintuv o‘tkazilayotgan paytda OAVga gapirmoqda, 1 - iyun 2021

Aprel oxirlarida Arxangelsk sudi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning ushbu shahardagi mahalliy ofisi muvofiqlashtiruvchisini Rossiya hukumati pornografik deb hisoblaydigan musiqiy videoni 2014 - yilda tarqatganlikda ayblab, 2.5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

“Bunaqa ishlarning sudgacha yetib borishining o‘zi juda hayratlanarli”, deydi advokat Natalya Zvyagina, ayblanuvchi Andrey Borovikov o‘ziga chiqqan hukmni eshitishidan biroz avval.

Hukumat 19 - sentabr kuni Davlat Dumasiga bo‘ladigan saylovlarga tayyorlanar ekan, ikki hafta oldin hayratlanarli bo‘lib ko‘ringan ishlar hozir trendga aylanib qoldi.

1 - iyun kuni rasmiylar Dumaning sobiq deputati, nufuzli liberal muxolif siyosatchi Dmitriy Gudkovni Moskvadan 140 km. janubi‑g‘arbdagi Kolomna shaharchasida qo‘lga oldi.

Unga qo‘yilayotgan “fribgarlik yo‘li bilan moddiy zarar yetkazish” ayblovi Gudkovga aloqasi bo‘lgan kompaniya 2011 - yilda Moskva munitsipial mulk idorasidan ijaraga yerto‘la olgani bilan bog‘liq.

Gudkovning tarafdorlari aytishicha, olingan mulk egasiga shartnoma muddati tugashi bilan 2015 - yili ta’mirlab topshirilgan. Kompaniya esa keyinroq tugatilgan.

Gudkov 5 - yilgacha qamalishi mumkin.

Uning otasi aytishicha, Gudkov bunday katta qarzi borligi haqida qo‘lga olingan vaqtdagina bilgan.

“Bu Dmitriy va mendan qasos olish uchun qilinmoqda. Aftidan, ularga Dmitriy Gudkov saylovlarda ishtirok etmasligi va men Rossiyaga qaytmasligim uchun har qanday bahona topishni buyurishgan”, deydi u telefon orqali Bolgariyadan Ozodlik radiosiga.

“Yedinaya Rossiya” xavf ko‘rmoqda

Rossiyada saylov mavsumi boshlanar ekan, hokimiyatdagi “Yedinaya Rossiya” partiyasi zaiflashishi mumkin. Mustaqil Levada markaziga ko‘ra, bu partiya bahsli pensiya islohotini qo‘llagani va prezident Vladimir Putinning 2036 - yilgacha hokimiyatda qolishiga yo‘l ochadigan o‘zgarish doxil qator konstitutsion o‘zgarishlarni amalga oshirgani uchun omma so‘rovlarida u eng past natijalarni ko‘rsatmoqda.

2016 - yilgi Duma saylovlarida “Yedinaya Rossiya” ovozlarning 50 foizdan sal ko‘prog‘ini olganiga qaramay, Dumada 90 foiz o‘rinni egallagan.

Ayni paytda liberal muxolifat, ularga bo‘lgan hozirgi hujumlardan avval, ancha kuchli ko‘rinar edi. Ular Navalniyning ortida birlashib, 2018‑20 - yillardagi mahalliy saylovlarda “aqlli ovoz berish” taktikasini qo‘llab nisbiy muvaffaqiyatga erishdi.

Ushbu taktikaga ko‘ra, hukumatga muxolif qarashdagi odamlar “Yedinaya Rossiya”ni yengishga yordam beradigan istalgan nomzodga ovoz berishi kerak. Buning natijasida misli ko‘rilmagan sondagi mustaqil muxolif nomzodlar mahalliy kengashlarda g‘alaba qildi.

Hukumatning Navalniy tashkilotlarini taqiqlash, mamlakat bo‘ylab faollarga bosim o‘tkazish, mustaqil OAV va internetni cheklash choralari saylovlar nazoratini qo‘lga olish va “Yedinaya Rossiya” g‘alabasini ta’minlash uchun qilinmoqda deb ko‘rilmoqda. Bu partiya orqali Putin hukumati siyosiy qudratning barcha darajalarini qo‘lga tutib turadi.

“Ochiq Rossiya” yopildi

Hozirda yopilgan nohukumat tashkilot “Ochiq Rossiya” tashkilotining sobiq ijrochi direktori Andrey Pivovarov 31 - may kuni Sankt‑Peterburgdan uchib ketayotganda Krasnodar shahridan berilgan order asosida qamoqqa olindi. “Ochiq Rossiya” 27 - may kuni xodimlari va qo‘llovchilarini hukumat bosimidan asrash uchun yopilgan edi.

“Ochiq Rossiya” xuddi shu nomdagi boshqa bir tashkilot Mixail Xodorkovskiy tomonidan tuzilib Britaniyadan ro‘yxatga olingandan so‘ng Rossiyada tashkil topgan edi. Xodorkovskiyning tashkiloti 2017 - yili Rossiya hukumati tomonidan “istalmagan tashkilot” deb tasniflangan edi.

Yangi “Ochiq Rossiya” faollari va Pivovarov bu tashkilotning Britaniyada ro‘yhatga olingan tashkilotga aloqasi yo‘qligini aytadilar, ammo hukumat unga ham “istalmagan tashkilot” sifatida munosabatda bo‘ldi.

Pivovarovni 2020 - yil avgustida Krasnodar o‘lkasidagi Yeysk shaharchasi mahalliy kengashi a’zosi, “Yabloko” partiyasidan Aleksandr Korovayniyning mahalliy saylovlarda muxolif nomzodlarni qo‘llashga chaqirib yozgan postini ulashgani uchun ayblashdi. Prokurorlarning aytishicha, bu ulashish “istalmagan tashkilot ishini qilish bo‘lgan”.

Agar aybdor deb topilsa, Pivovarov ikki yildan olti yilgacha qamalishi mumkin. Uning ishonishicha, bu ayblovlardan maqsad uni Duma saylovlarida ishtirok etishi oldini olishdir.

2 - iyun kungi Krasnodarda o‘tgan sud tinglovida Pivovarov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni “tomosha” deb atab, prokurorlar “Facebook”dagi postni hukumatga tahdid deb “biz bilan hazillashishayotgan” bo‘lsa kerak, deb qo‘shimcha qildi u.

“Current Time”ga bergan izohida Davlat Dumasi deputati, Rossiya Liberal Demokratik partiyasidan Sergey Ivanov ta’qiblar kuchayib borayotgani bois, kelgusi saylovlarda nomzodini qo‘ymasligini aytdi.

“Hozirgi muhim muammo shuki, hech kim ta’qiblardan himoyalanmagan, millioner oligarxdan tortib, oddiy fuqarogacha, – deydi u. – Ular istalgan odam oldiga hech qanday sabab aytmay kelishi, qidiruv e’lon qilishi, qamoqqa olishi mumkin. Bu yerda siyosat bilan shug‘ullanishdan ma’no yo‘q.”

XS
SM
MD
LG