Rossiya va Ukraina o‘rtasida 30-dekabr kuni galdagi asir almashuvi o‘tkazildi. Asir almashishga oid muzokaralar Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtamchiligida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ochiqlagan raqamlar bir-biridan farq qiladi. Rossiya Mudofaa vazirligi asir almashuvi “150 nafarga 150 nafar” formulasi bo‘yicha bo‘lib o‘tganini bildirdi. Vazirlik qaydicha, rossiyalik harbiy asirlar Belarus hududiga olib chiqilgan. Ularga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda, ular qarindoshlari bilan gaplashish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Asirlar qaytarilgani aks etgan kadrlar Rossiya ombudsmeni Tatyana Moskalkova tomonidan yoyinlandi.
Ayni paytda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaga 150 nafar emas, balki 189 nafar harbiy asir qaytgani haqida ma’lum qildi. Zelenskiyga ko‘ra, ular orasida turli qo‘shinlarda xizmat qilganlar, shuningdek, Mariupolda rossiyalik harbiylar tomonidan tutib ketilgan ikki fuqaroviy shaxs bor.
Zelenskiy asir almashuvidan keyin tasvirga olingan video va fotosuratlarni yoyinlagan.
Rossiya va Ukraina muntazam ravishda asir almashib kelmoqda. Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lami boshlangan 2022-yil fevralidan buyon ular 59 marta asir almashishgan. 27-noyabr kuni Rossiya TIV urush boshidan beri “630 nafarga 630 nafar” formulasi bo‘yicha eng yirik asir almashuvi o‘tkazishga tayyor ekani haqida bildirgan. Ukraina tomoni hali bu tashabbus yuzasidan izoh bergan emas.
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada 1348 nafar rossiyalik, Rossiyada esa 6465 nafar ukrainalik asir borligini iddao qilgan. Avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga bostirib kirishi natijasida asosan muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan askarlardan iborat yuzlab rossiyalik harbiy ukrainaliklarga asir tushgan edi.