Rossiyada farzandini muttasil ravishda qiynab kelganlikda ayblangan o‘zbekistonlik ayol 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Novosibirsk shahri tergov boshqarmasi yoyinlagan xabarnomada sudlanuvchi 2021-yilning iyun-avgust oylari mobaynida 1,5 yashar qiziga muntazam ravishda jismoniy va ruhiy azob bergani qayd etilgan.
O‘sha yilning avgust oyida qizcha vafot etgan. Ayol esa tibbiy muassasalarga murojaat qilmay, uni o‘zboshimchalik bilan dafn qilgan.
Ayol RF Jinoyat kodeksi 117-moddasi (qiynash) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bolalar ombudsmani mazkur jinoyat ishi yuzasidan bergan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, sudlanuvchi Andijon viloyati Jalaquduq tumanida doimiy ro‘yxatda turgan A.G. 2016-yildan e’tiboran RFning Novosibirsk shahrida turmush o‘rtog‘i B.I. bilan yashab kelgan.
2024-yil boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda A.G. 2019-yilda tug‘ilgan qizi R.X.ni shafqatsizlarcha urayotgani, keyinroq esa go‘dakning jasadini yerga ko‘mayotgani tasvirlangan video tarqalgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya tergov idoralari tomonidan ayolga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz mushkul vaziyatga tushib qolgan o‘nlab o‘zbekistonlik bola vataniga qaytarilganini ma’lum qilgandi.