Линклар

Шошилинч хабар
16 Aprel 2026, Тошкент вақти: 16:54

Rossiyada ko‘pxotinlilikka oid fatvo chaqirtirib olindi

Rossiya Musulmonlar diniy idorasi rahbari Ravil G‘aynutdin
Rossiya Musulmonlar diniy idorasi rahbari Ravil G‘aynutdin

Rossiya Musulmonlar diniy idorasi (RMDI) Ulamolar kengashi o‘tgan haftada chiqarilgan “RF musulmon jamiyatida ko‘pxotinlilik muammosi” deb nomlangan fatvoni qaytarib oldi - fatvoda musulmon erkaklarga birdaniga bir nechta diniy nikoh qurishga imkon berilishi haqida aytilgan edi. Fatvo 23-dekabr kuni Rossiya Bosh prokuraturasi RMDI rahbari Ravil G‘aynutdinga qonun buzilishiga chek qo‘yish zarurligi to‘g‘risida taqdimnoma kiritgani ortidan bekor qilingan.

Ulamolar kengashi raisi Shamil Alyautdinov telegramda fatvoni chaqirtirib olish qarori “Bosh prokuratura va Rossiya jamoatchiligi reaksiyasi munosabati bilan” qabul qilingani haqida yozgan.

Xudoning irodasi shu ekan, RF MDI Ulamolar kengashi munozaraga kirishishdan foyda yo‘q, deb biladi”, deya qayd etgan Alyautdinov.

Zikr etilgan fatvo nikoh mavzusiga bag‘ishlangan edi. Unda erkaklarning qator shartlarga rioya qilgan holda bir necha ayolga uylanishiga ruxsat berilgani qayd etilgan hamda erkak kishi to‘rt nafargacha bo‘lishi mumkin bo‘lgan xotinlariga bir xil munosabatda bo‘lishi lozimligi urg‘ulangan.

TASS va “Interfaks” agentliklarining RF Bosh prokuraturasidagi manbalari MDI rahbariga yo‘naltirilgan taqdimnoma haqida so‘zlay turib, BP fatvoni Rossiya oila qonunchiligiga zid keladi, deb hisoblagani haqida bildirishgan. Xususan, Rossiya Oila kodeksida faqat FHDY (ZAGS) idoralarida tuzilgan nikohlar tan olinishi, oila “erkak bilan ayol ittifoqi” bo‘lib hisoblanishi, ayni paytda “boshqa qayd etilgan nikohi bor kishilar o‘rtasida nikohlanish”ga yo‘l qo‘yilmasligi, MDI tomonidan qabul qilingan fatvo esa “amaldagi qonunchilik va an’anaviy qadriyatlarni mustahkamlash sohasidagi davlat siyosati asoslariga zid kelishi” urg‘ulangan. MDI Bosh prokuratura taqdimnomasiga oid xabar yuzasidan hali rasmiy izoh berganicha yo‘q.

Avvalroq Rossiyadagi qator telegram-kanallar va blogerlar ko‘pxotinlilikka oid fatvoga e’tibor qaratishib, bu kabi rasmiy hujjat paydo bo‘lganiga norozilik bildirgan edilar. Bu xabarlarga munosabat bildirgan MDI qabul qilingan hujjat “ayollar va bolalarni himoya qilishi hamda RF qonunchiligiga zid kelmasligi”ni, shuningdek, “maxsus harbiy amaliyotda (Rossiyada Ukrainaga qarshi urush rasman shunday ta’riflanadi – tahr.) halok bo‘lganlarning bevalari va yetimlarini himoya qilishi”ni bayon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG