Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 14:04

Rossiyada o‘quvchilari norozilik namoyishlarida qatnashganini chaqib berishdan bosh tortgan direktor ishdan olindi


Rossiyada hukumatga qarshi namoyishlarda o‘quvchilari va hamkasblaridan kimlar qatnashganini rasmiylarga bildirishdan bosh tortgan maktab direktori Yelena Moiseyeva ishdan olindi.

Direktorning do‘stlari, hamkasblari va fuqarolik jamiyati faollari Moiseyeva lavozimiga qaytarilishini talab qilmoqdalar.

Moiseyeva tarafdorlari so‘zlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishi sentabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan mamlakat bo‘ylab muxolifatni yo‘q qilish maqsadida olib borilayotgan kampaniya doirasida ko‘rilgan navbatdagi choradir.

Nijniy Novgorod shahridagi 24- maktabning direktori sifatida 15 yil ishlagan Moiseyeva ishdan bo‘shatilganligi to‘g‘risida maktub olgan. Maktubda Rossiya Mehnat kodeksining rasmiylarga davlat muassasalari xodimlarni hech bir izohsiz ishdan bo‘shatishga ruxsat beruvchi bandi keltirilgan.

«Hayot deb qo‘yibdi buni, ko‘rgilik», deb yozdi direktor Facebook tarmog‘ida.

Direktorning qarindoshi mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Moiseyeva yanvarda muxolifat rahbari Aleksey Navalniy tarafdorlari mitingida qatnashgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar ro‘yxatini rasmiylarga berishdan bosh tortgani uchun ishdan haydalganini aytdi.

Moiseyevaning ismi oshkor qilinmagan qarindoshi Nijniy Novgorod shahridagi mahalliy yangiliklarni yoritib boruvchi NN.ru nashri bilan suhbatda amaldorlar Moiseyevani ancha oldin yo‘q qilishga kirishganini so‘zlab berdi.

«Har safar saylov oldidan ular undan nimanidir talab qilishgan, lekin hech qachon ular so‘ragan narsalarini ololmagan», - dedi direktorning qarindoshi.

17 – 19 - sentabr kunlari Rossiyada mahalliy saylovlar hamda parlamentning quyi palatasi - Davlat dumasiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylovlar Dumada mutlaq ko‘pchilikni saqlab qolishga umid qilayotgan «Yagona Rossiya» partiyasining reytingi pastlab borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Moiseyeva Ozodlik radiosiga intervyu berishdan bosh tortdi.

«Men o‘zimni qahramonga aylantirmoqchi emasman», - dedi u.

Ammo direktor NN.ru nashriga bergan intervyusida o‘quvchilari norozilik harakatlariga aralashgani haqida ko‘rsatma berishdan bosh tortgani uchun ishdan olinganini qisman tasdiqladi.

«Norozilik namoyishlariga kim borganini oshkor qilishimiz kerakligidan o‘zim ham lol qoldim», - dedi u.

«Men [ularga]: Kechirasiz-u, men ularni o‘zim urisha olaman, lekin bolalarni sotmayman, dedim».

Moiseyevani taniydigan nijniy novgorodlik jurnalist Aleksandr Pichugin Ozodlik bilan suhbatda sobiq direktor ishdan bo‘shatilgani haqida ochiqsa gapirsa, oqibatlari og‘ir bo‘lishidan xavotirda ekanini aytdi.

«Hokimiyat sentabrdagi saylovlar muammosiz o‘tishini istaydi», deb yozdi Pichugin Ozodlikka yo‘llagan maktubida. «Moiseyeva singari odamlar ularga xalaqit beryapti».

Hukumat tanqidchilari va saylov kuzatuvchilari maktab xodimlari va davlat muassasalarida ishlaydigan boshqa xodimlar saylovlarda «Yagona Rossiya» yoki Kreml dastaklayotgan boshqa nomzodlarga ovoz berish uchun bosimga uchrashini aytishadi.

Pichuginning ta’kidlashicha, Nijniy Novgorodda har bir maktabga barcha xodim «Yagona Rossiya» partiyasiga ovoz berishini ta’minlash to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan, ammo Moiseyeva bu buyruqqa qarshi chiqqan.

«Shuning uchun ular uni ishdan bo‘shatishdi», deb yozdi jurnalist.

«Muloqot maktabi»

24-sonli maktab xodimlari Moiseyeva lavozimiga qaytarilishini talab qilib Internetda petitsiya e’lon qildilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Moiseyeva ilg‘or va g‘ayrioddiy o‘qitish uslublarini dastaklagani hamda o‘quv muassasasida o‘quvchilarning qarashlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lingani uchun maktab «Muloqot maktabi» laqabini olgan.

«U demokratizatsiya, siyosiy va diniy betaraflik, har bir talaba va o‘qituvchining subyektivligi tamoyillariga asoslangan namunali maktab yaratdi. O‘z pozitsiyasiga ega bo‘lgan va uni himoya qilishga tayyor bo‘lgan maktabni», deb yozdi ular.

Hukumat tanqidchilari Moiseyeva ishdan olinganini qoralab, bu chora Rossiya stalinistik «stukachestvo» – chaqimchilikka qaytayotganidan darak berishini aytishmoqda.

Muxolifat faoli Vladimir Qara-Murza «Qalloblar davri keldi. Orqadan pichoq sanchish va stukachestvo ularning asosiy fazilatlari», deb yozdi.

Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan umummilliy namoyishlar to‘lqini hamda fevral va aprel oylari boshlarida bo‘lib o‘tgan ikkita kichik norozilik namoyishlari ortidan Rossiya bo‘ylab muxolifatga qarshi keng miqyosli tazyiq kampaniyasi boshlandi. Namoyish ishtirokchilarga qarshi o‘nlab sud ishi qo‘zg‘atildi, Navalniyning siyosiy tarmog‘i noqonuniy deb topildi, ko‘plab muxolifat faoli Rossiyani tark etishga majbur bo‘ldi.

«Vatanparvarlik ta’limi»

Rossiya davlat matbuoti hamda rasmiylar namoyishlarda asosan muxolifat aldagan va gijgijlagan yoshlar qatnashganini iddao qilib keladi. Mitinglardan keyingi bir necha hafta ichida Navalniyning bir necha yordamchisiga «voyaga yetmaganlarni norozilik namoyishiga undash» ayblovi qo‘yildi. Bu esa Rossiyada jinoyat hisoblanadi.

Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan namoyishlardan keyingi bir necha hafta ichida ularda qatnashganlikda ayblangan o‘quvchilar va talabalar haydaldi. Astraxan davlat universiteti talabalari oliygoh ularni noqonuniy ravishda o‘qishdan haydaganini aytib, universitet ustidan sudga shikoyat qildilar. Bu holat Rossiya bo‘ylab shov-shuvga sabab bo‘ldi.

«Biz bu noqonuniy va adolatsiz ekanini isbotlashimiz kerak», - dedi o‘sha paytda talabalar yollagan advokat Yaroslav Pavlyukov.

Moiseyeva muxolifatni bostirish kampaniyasiga qarshi chiqdi va hukumatning «Vatanga muhabbat», G‘arb madaniyatidan nafratlanish kabi tushunchalarni singdirishga hamda Rossiya tarixini oqlashga qaratilgan «vatanparvarlik ta’limotini» tanqid qildi.

Moiseyeva NN.ru saytiga bergan intervyusida nohaq ishdan bo‘shatilgani uchun sudga murojaat qilishni rejalashtirayotganini aytdi. U 15 yillik faoliyati davomida 24-sonli maktabda amalga oshirgan islohotlardan hamda ochiq munozara qilish madaniyatini yaratganidan faxrlanishini aytdi.

«Bu nimani isbotlaydi?», - dedi u ishdan bo‘shatilgani haqida so‘zlar ekan, - Odamlar tolerant maktabda tahsil olganini. Ularni [birov] eshitganini. Odamlar o‘z qarashlarini himoya qilishni o‘rganganini. Bu narsalar menga barchasi behuda bo‘lmaganini anglashga undaydi».

XS
SM
MD
LG