Линклар

Шошилинч хабар
11 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:21

Rossiyada rus tilini bilmagan minglab migrant fuqarolik ololmadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

2024-yilda 4 mingdan ziyod migrant rus tilini bilmagani uchun Rossiya fuqaroligini ololmagan. Bu haqda TASS agentligi Rossiya Ichki ishlar vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volkning bildirishicha, “2024-yilning 1-yanvaridan xorijda yashovchi hamyurtlarni Rossiya Federatsiyasiga ixtiyoriy tarzda ko‘chirilishiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturida ishtirok etishga ariza topshirish uchun rus tilini og‘zaki va yozma shaklda muloqot qilish uchun yetarli darajada bilishini tasdiqlash zarur. Shu tariqa, rus tilini bilmagan 4 mingdan ziyod arizachi Rossiya fuqaroligini ololgani yo‘q”.

Umuman olganda, Rossiya Ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, rus tili imtihonidan yiqilgan migrantlar foizi besh oy ichida 10 baravar ko‘paygan. Iyun oyi oxirida Rosobrnadzor tashkiloti migrantlar uchun rus tili bo‘yicha imtihonlar ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qilgan edi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, xorijliklar rus tili bo‘yicha imtihon topshiradigan punktlar soni aniqlangan qonunbuzarliklar tufayli o‘tgan yil dekabridan beri 5 baravar qisqargan. Ichki ishlar organlari fe’lan rus tilini bilmaydigan kishilar qo‘lidagi qariyb 5 ming sertifikatni qabul qilishdan bosh tortishgan.

Rossiyadagi migrantlar uchun rus tilidan imtihon topshirish tartib-qoidalari 2024-yil 1-mayidan kuchaytirilgan. Bu imtihonni ish uchun ruxsatnoma yoki patent, Rossiyada vaqtincha bo‘lish yoki yashash uchun ruxsatnoma olishni rejalaganlar topshirishadi. Yangi tartibga muvofiq, rus tili bo‘yicha imtihon o‘tkazish huquqi bundan buyon faqat davlat muassasalariga beriladi. Hozirda imtihon o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatida Rossiyaning har bir mintaqasida bo‘lgan 12 ta davlat OTM va Moskva hukumatidagi bir tashkilot bor.

XS
SM
MD
LG