Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

Rossiyada Tu-22M3 bombardimonchi uchog‘i halokatga uchradi


Rossiyaning raketa tashuvchi Tu-22M3 uchog‘i
Rossiyaning raketa tashuvchi Tu-22M3 uchog‘i

Rossiyaning Stavropol o‘lkasida 19-aprel kuni raketa tashuvchi Tu-22M3 uchog‘i qulab tushdi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, aviahalokat uchoq jangovar topshiriqni bajarib, aerodromga qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan. Uchoq ekipajlaridan biri halok bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Mudofaa vazirligi iddaosicha, uchoq bortida jangovar komplekt (raketa yoki bombalar - tahr.) bo‘lmagan. Uchoq kimsasiz va binosiz joyda qulagani, vayronagarchilik yo‘qligi aytilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi qaydicha, ekipajning parashyut vositasida halokatdan qutulib qolgan uch a’zosi topilgan. Bu uch kishidan biri, Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirovga ko‘ra, halok bo‘lgan, ekipajning to‘rtinchi a’zosini qidirish ishlari davom etmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari uchoq urib tushirilganini bildirgan. Bu urush boshidan buyon ukrainalik harbiylar tomonidan Rossiyaning strategik bombardimonchi uchog‘i urib tushirilgani iddao qilinishi bo‘yicha ilk holatdir. Bu iddao mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan emas.

Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchukka ko‘ra, Rossiyaning Tu-22M3 bombardimonchi uchog‘i Ukraina Havo kuchlari zenit bo‘linmasi va Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi birgalikda amalga oshirgan operatsiya natijasida yo‘q qilingan.

Avvalroq RBK-Ukraina nashrining Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasidagi (RBB) manbasi Rossiya uchog‘i RBB amaliyoti natijasida qulaganini bildirgan edi. Uning aytishicha, uchoq Ukraina hududidan 300 kilometr narida bo‘lib, avvalroq u Ukraina hududi bo‘ylab zarba bergan.

Ukrainaning NV nashri harbiy razvedkada ishlaydigan o‘z manbasidan olingan ma’lumotga tayangan holda, uchoq sovet zamonida ishlab chiqarilgan S-200 zenit-raketa majmuasi vositasida urib tushirilgani haqida xabar qilgan. Bu zenit majmuasi raketalari ko‘pi bilan 300 kilometr naridagi nishonga yetib borishi mumkin.

O‘tgan yilning 12-avgustida Rossiyaning Kaliningrad viloyatida Su-30 qiruvchi uchog‘i qulab tushgan, ekipaj a’zolari esa halok bo‘lishgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan.

12-sentyabr kuni Volgograd viloyatida Su-24 bombardimonchi uchog‘i qulagan. Oradan bir hafta o‘tgach esa Su-34 qiruvchi uchog‘i halokatga uchragan. Har ikki uchoq ekipaji omon qolgan. O‘sha paytda Rossiya Mudofaa vazirligi uchoqlar jangovar komplektsiz o‘quv-mashq parvozlarini amalga oshirayotgan bo‘lganlari va kimsasiz joyga qulaganlari haqida ma’lumot tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG