Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:09

Rossiyada urushni istamagani uchun ta’qib etilganlar soni 900dan oshdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiyada urushga qarshi bo‘lgani uchun kamida 902 kishiga qarshi ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan 261 nafari ozodlikdan mahrum etilgan: ular tergov hibsxonalari, koloniyalar yoki majburiy davolanish joylarida saqlanmoqda. Bu haqda Rossiyadagi “OVD-Info” huquqbonlik medialoyihasi ma’lumot tarqatdi.

Loyiha qaydicha, 285 kishi feyklarga oid modda, 172 kishi esa Rossiya armiyasi yoki rasmiylarini obro‘sizlantirganlik moddasi bo‘yicha ta’qib qilinmoqda. Bu moddalar RF Jinoyat kodeksiga Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan ko‘p o‘tmay kiritilgan. Rossiya sudlari Ukrainadagi urush haqida mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotiga mos har qanday ma’lumotni feyk deb tan olishadi. Obro‘sizlantirish deganda esa sudlar, masalan, Ukrainadagi urush kontekstida “urush” so‘zi ishlatilishini tushunishadi. Bu “jinoyatlar” uchun Rossiyada uzoq yillarga qamalish mumkin.

Terrorizmni oqlash moddasi bo‘yicha 175 kishi ayblanmoqda. Ularga qarshi ish qo‘zg‘atilishiga boshqa sabablar qatorida kremlparast bloger Vladlen Tatarskiyning o‘limi va Qrim ko‘prigining portlatilishi to‘g‘risidagi postlar, shuningdek, Rossiyada hokimiyatni kuch bilan almashtirish chaqiriqlari asos bo‘lgan.

Urushga qarshi pozitsiya uchun ochilgan ishlar Rossiyaning faqat to‘rtta hududida — Chechenistonda, Qorachoy-Cherkesiyada, Nenes muxtor okrugi va Bryansk viloyatida yo‘q, xolos. Urushga qarshi bo‘lganlarga nisbatan ish ochish eng ko‘p Moskvada (159 kishi), Sankt-Peterburg shahrida (77 kishi) va Sverdlovsk viloyatida (29 kishi) kuzatilgan.

Ayblanuvchilarning kamida 67 nafari qiynoqqa duchor etilgan: huquq-tartibot idoralari xodimlari ularni kaltaklashgan, zo‘rlashgan, elektr toki bilan qiynashgan, og‘izlariga skotch yopishtirishgan. Ta’qib qilinayotganlarning 260 nafari ayni paytda Rossiyada emas: ularga nisbatan sud hukmlari va ehtiyot choralari sirtdan e’lon qilingan.

Ayblanuvchilarning 122 nafarini faollar, 46 nafarini jurnalistlar, 43 nafarini siyosatchilar va 37 nafarini san’at arboblari tashkil etadi. Shuningdek, ular orasida harbiylar, blogerlar va o‘qituvchilar ham bor. Ulardan tashqari shaxslar esa “boshqa kasb” egalaridir.

XS
SM
MD
LG