Samaradagi Markaziy okrug harbiy sudi joriy oy boshida harbiy komissariat binosini yoqishga uringan permlik Vladislav Dilmuxametovni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. U terror faoliyatiga ko‘maklashganlik (Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1-qismi 1-bandi) hamda terror xurujiga hozirlanganlikda (RF Jinoyat kodeksining 30-moddasi 1-qismi va 205-moddasi 1-qismi) aybdor deb topilgan. Bu haqda “Zona solidarnosti” loyihasi ma’lum qildi.
Sud qanoaticha, Dilmuxametov 2022-yilda Permdagi voyenkomatlardan birini qo‘lbola yonuvchi moslama yordamida yoqib yuborishni rejalagan. U ko‘zlagan ishini amalga oshirishga ulgurmay turib qo‘lga olingan. U 10 yillik muddatning to‘rt yilini qamoqda, qolgan olti yilini esa qattiq tartibli koloniyada o‘taydi.
Tergov iddaosicha, Dilmuxametov bino o‘t qo‘yishdan oldin bir tanishi bilan yozishmalar olib borgan va go‘yo “unda harbiy komissariat binosini yoqib yuborishda ishtirok etish istagini shakllantirgan”.
Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirgan 2022-yil fevralidan buyon Rossiyada harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yishga urinish holatlari ko‘p kuzatilgan. Rossiyalik huquq-tartibotchilar ko‘pincha “diversantlar” binolarga o‘t qo‘yishga “buyurtma”ni “Ukrainadagi kuratorlari”dan olganini iddao qilishadi. Bunaqa “kuratorlar” haqiqatan ham mavjudligi yoki ular qo‘lga olinganiga oid ma’lumotlar ochiq manbalarda yo‘q.