Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:22

Rossiyalik huquq faoli: Putin Ukrainada Chechen urushidagi usullarni qo‘llashi mumkin


Ikkinchi Chechen urushi paytida Grozniy vayronalari orasida yurgan ayol. 2000-yil, fevral
Ikkinchi Chechen urushi paytida Grozniy vayronalari orasida yurgan ayol. 2000-yil, fevral

Rossiyalik inson huquqlari faollari Moskvaning Ukrainadagi urush harakatlari sekin kechayotgani bois Putin 1990-yillar va 2000- yillarning boshlarida Checheniston shaharlarini vayronaga aylantirgan urush taktikasiga yana murojaat qilishi mumkinligni taxmin qilmoqda.

“Memorial” xalqaro direktori Aleksandr Cherkasovning 4-mart kuni “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga aytishicha, Ukrainadagi Rossiya kuchlari aholi turar-joylarini asosan artilleriya va raketa zarbalari bilan nishonga olishga o‘tgan.

“Putin Ukrainadagi urushni ham xuddi Chechenistonda bo‘lgani kabi boshladi. O‘shanda ham chechen urushi qurolli mojaro sifatida tavsiflanmagan va “aksilterror operatsiyasi” deb nomlangan edi”, deydi Cherkasov.

Birinchi Chechen urushi 1994-96-yillarda bo‘lgan. Ikkinchi Chechen urushi esa 1999-yilda boshlangan. Moskva Chechenistonda Rossiyadan ajralib chiqishni maqsad qilgan siyosiy harakatlarni harbiy kuch bilan bostirgan. Kremlning Grozniy va Chechenistonning boshqa hududlarini bombardimon qilish oqibatida o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan.

Checheniston urushida bo‘lgani kabi, Rossiya hukumati xalq noroziligini bartaraf etish va urush borasidagi Kreml versiyasini ommaga singdirish uchun mamlakatda senzura va qo‘rqitishga zo‘r bermoqda.

Ukrainaga bosqin boshlangan 24-fevraldan beri rasmiylar mamlakatda yangi senzuralar joriy qildi. Ko‘plab yetakchi axborot tashkilotlari faoliyati taqiqlanib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari va veb-saytlari bloklandi. Yangi qonunga ko‘ra, Rossiya harbiy harakatlari haqidagi rasmiy bayonotlarga zid materiallarni tarqatganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi belgilandi.

Chechen urushi paytida ham Ukrainadagi kabi harbiy yo‘qotishlar dastlab inkor etilgan va kamaytirib ko‘rsatilgan. Kreml Ukrainadagi mojaroni “terrorchilar” bilan harbiy kurash sifatida baholagan”, dedi Cherkasov.

Yana Grozniymi?

1999-yilda prezident Boris Yelsin tomonidan kutilmaganda bosh vazirlikka saylangan Putin oldida Chechenistondagi isyonchilarga qarshi hujumni nazorat qilish vazifasi turar edi.

Putin o‘shanda bosqinga tayyorgarlik ko‘rilayotganini rad etgan. Biroq, o‘n minglab rus qo‘shinlariga Grozniyni havodan va artilleriyadan bombardimon qilish va musulmonlar ko‘p bo‘lgan bo‘lginchi mintaqaga kirishga buyruq berilgan.

"Davlat ommaviy axborot vositalari o‘shanda ham harbiylar faqat belgilangan obyektlarga zarba berayotganini aytgan edi. Ammo, Grozniy markaziga , bozorlarga va hatto tug‘ruqxonalarga raketa hujumlari bo‘ldi”, deya ta’kidladi Cherkasov

O‘shanda birinchi Chechen urushi paytida jiddiy zarar ko‘rgan Grozniy BMT tomonidan dunyodagi eng ko‘p vayron qilingan shahar sifatida ta’riflangan edi.

"Putin o‘zini siyosiy kamikadze kabi tutdi. Bor siyosiy kapitalini urushga tashladi va mojaroni alangalatdi", deb yozgan edi Yelsin o‘z xotiralarida.

Ukrainada janglar avj olgan. Rossiya qo‘shinlari artilleriya va raketalarga tayanib, qamaldagi Kiyev, Xarkov, Mariupol va boshqa shaharlardagi turar-joylarni tobora ko‘proq nishonga olmoqda.

24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri urushda 2000 dan ortiq tinch aholi qurbon bo‘ldi.

"Bu yana takrorlanayotgani haqida o‘ylash men uchun dahshatli", deydi Cherkasov.

XS
SM
MD
LG