Линклар

Шошилинч хабар
11 апрел 2021, Тошкент вақти: 03:20

Rossiyaliklarning qariyb chorak qismi vatanparvarlikni haqiqatni gapirish deb tushunadi


Omma so‘rovi yoshlar vatanparvarlikni katta avlod vakillaridan farqli anglashini ko‘rsatgan - Moskva, 14 - fevral, 2021

Rossiyaliklarning 23 foizi vatanparvarlik, bu - o‘z mamlakati haqida, qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqatni gapirish, deb biladi. Oliy iqtisodiyot maktabi (VShE) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatmoqda. Ammo aksariyat ko‘pchilik (67 foiz), vatanparvarlik deganda vatanga muhabbatni tushunadi.

RBK nashrining yozishicha, har to‘rtinchi rossiyalik vatanparvarlikni mamlakat ravnaqiga xizmat qiladigan amallar yig‘indisi, deb biladi. So‘rovda qatnashganlarning 20 foizi vatanparvarlik muhtojlarga yordamdan iborat, deb hisoblashini aytgan. Rossiyaliklarning atigi 12 foizi vatanparvarlikni o‘z vaqti yoki pulini ijtimoiy muammolar yechimi uchun sarflash kabi amaliy harakat turi, deb bilar ekan.

VShE so‘nggi so‘rovining natijalariga ko‘ra, bir yilda vatanparvarlikni mamlakatda ahvolni o‘zgartirishga intilish, deb biladiganlarning soni sezilarli darajada kamaygan. 2019 - yilda bunday fikrlaydiganlar nisbati 25 foizga yaqin bo‘lgan, 2020 - yilda esa bu ulush 19 foizgacha tushgan. So‘rov mualliflari buni pandemiya davridagi chorasizlik hissi bilan bog‘lashgan.

“Rossiyaliklar volontyorlik va xayriya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashsa-da, omma ongida bular vatanparvarlik tuyg‘usi bilan bog‘lanmaydi”, - deydi so‘rovni o‘tkazgan Oliy iqtisodiyot maktabi tadqiqotchisi Irina Mersiyanova. Uning fikricha, vatan ravnaqiga xizmat qiladigan amaliy harakatlarni vatanparvarlik deb hisoblaydiganlarning soni o‘sishi uchun xayriya va kichik yaxshiliklarni qilish uchun qulay infratuzilmalarni yaratish lozim.

Siyosatshunos Aleksey Makarkinning aytishicha, so‘rov yoshlar vatanparvarlikni katta avlod vakillaridan farqli anglashini ham o‘rtaga chiqargan. Bu farq yoshlar global dunyo bilan ko‘proq hamqadam ekani, va o‘z fikrini erkin ifodalash qobiliyati bilan izohlanadi.

Yoshlar rasmiy vatanparvarlikdan iloji boricha uzoqroq turishga harakat qiladi, ayni paytda volontyorlik yoki xayriya bilan ko‘proq shug‘ullanadi. “Vatanparvarlik yoshlar nazdida ko‘proq mahalliy tus olgan, oila va atrofdagilarga kichik iltifotlar qilish bilan bog‘liq”, - deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG