Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:23

Rossiyaning AQShga javobi e’lon qilindi: Moskva o‘z talablari bajarilishini qistamoqda


Rossiya TIV binosi
Rossiya TIV binosi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 17 - fevral, payshanba kuni Qo‘shma Shtatlarning xavfsizlik kafolatlariga doir takliflarini AQShning Moskvadagi elchisi Jon Sallivanga topshirdi – bu takliflar, o‘z navbatida, Rossiyaning talablariga javob tariqasida yo‘llangan edi.

TASS agentligi Rossiyaning javobi to‘liq matnini e’lon qildi. AQShning javobi keng jamoatchilikka ochiqlashga mo‘ljallanmagan, biroq Ispaniyaning El Pais nashri uning matnini qo‘lga kiritib, chop etgandi.

Rossiyaga oid hujjatda “Amerika tomoni Rossiya tarafidan ishlab chiqilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha AQSh bilan imzolanadigan shartnoma loyihasining bazaviy elementlariga konstruktiv javob bermagan”ligi haqida so‘z boradi.

Rossiya loyihada, xususan, NATOni kengaytirishdan voz kechish hamda “alyansning harbiy salohiyati, jumladan zarba berish potensiali va infratuzilmalarini 1997 - yilgi holatga qaytarish” talabini qo‘ygan edi.

Hujjatda aytilishicha, “Rossiya bunga, jumladan harbiy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘li bilan o‘z munosabatini bildirishga majbur bo‘ladi”. Harbiy texnik choralar deganda nimalar nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan.

TIV bayonotiga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirishga hozirlik ko‘rayotgani yo‘q, G‘arb mamlakatlarining bu xususdagi da’volari esa “Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga doir takliflarini qadrsizlantirish”ga urinishdir.

Shuningdek, Rossiya TIV o‘z bayonotida Qrimning anneksiya qilinishini oqlab, Vladimir Putinning “Ukraina NATOga a’zo bo‘lgan taqdirda Qrimni deb alyans va Rossiya o‘rtasida urush chiqishi xavfi yuzaga keladi” mazmunli iddaolarini takrorlagan.

“Ukraina tevaragidagi vaziyat deeskalatsiya qilinishi uchun quyidagi ishlar bajarilishi prinsipial muhimdir: bu Kiyevni kompleks chora-tadbirlarni bajarishga majbur etish (gap Donbassdagi mojaroni tartibga solishga doir Minsk bitimlari haqida bormoqda – Tahr.), Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berishni to‘xtatish, u yerdan g‘arblik barcha maslahatchi va yo‘riqchilarni chaqirib olish, NATO mamlakatlarining Ukraina qurolli kuchlari bilan har qanday shaklda qo‘shma mashqlar o‘tkazishdan voz kechishi va muqaddam Kiyevga yetkazib berilgan barcha chet el qurol-aslahalarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishdir”, deb yozgan Rossiya TIV.

Rossiya, shuningdek, AQShning Markaziy-Sharqiy Yevropa, Janubi-Sharqiy Yevropa hamda Boltiqbo‘yiga joylashtirilgan barcha qurolli kuchlari va qurollarini olib chiqib ketishga undamoqda.

Hujjatda Rossiya AQShning qator takliflari, jumladan, o‘rtacha va qisqa masofaga uchadigan raketalarga oid taklifni muhokama qilishga tayyorligi bildirilgan. Biroq javob matni mazmunidan Moskva o‘z talablarida qattiq turib olgani anglashiladi, ya’ni, uning fikricha, har qanday muzokaralar NATOni kengaytirishdan voz kechish va boshqa xavfsizlik kafolatlaridan kelib chiqqan holda yuritilishi lozim.

AQSh va ittifoqchilari Rossiya javobiga munosabat bildirishganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG