Линклар

Шошилинч хабар
20 июн 2021, Тошкент вақти: 15:11

Rossiyaning ikki shirkatiga O‘zbekistondan yana 14 ming quruvchi yollashga ruxsat berildi


O‘zbekiston Aholi bandligi va mehnat munosabatlari vaziri Erkin Muhiddinov Rossiyaning "PIK-Industriya" va "TexStroy" shirkati vakillarini qabul qildi

Rossiyaning bir nechta qurilish kompaniyalari 2021 - yil davomida O‘zbekistondan 14 ming mehnat migrantini ishga yollaydi. O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy xabariga ko‘ra, o‘zbek ishchilari asosan, Moskva hamda Moskva viloyati qurilish obyektlariga jalb etiladi.

Ozodlik Rossiya Mehnat vazirligi ham turli rekruting kompaniyalariga O‘zbekistondan ishchilarni yollashga ruxsat berishni boshlaganini aniqladi.

Rossiyaning "PIK-Industriya" va "TexStroy" qurilish shirkatlari maxsus tanlov asosida turli qurilish mutaxassisliklariga ega 14 mingcha ishchini O‘zbekistondan yollab Moskva qurilishlariga olib keladi.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi bu haqda payshanba 14 - yanvar kuni maxsus bayonot tarqatdi.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy xabari
O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy xabari

Unda aytilishicha, O‘zbekiston Aholi bandligi va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari Erkin Muhiddinov Rossiyadan maxsus kelgan "PIK-Industriya" va "TexStroy" vakillari bilan uchrashib, Moskva va Podmoskovьe qurilish obyektlariga zarur bo‘lgan ishchi-mutaxassisliklarga nomzodlarni tanlash tartib-qoidalarini muhokama etdi.

- 2021 - yil oxirigacha bu kompaniyalar Rossiyada 14 ming O‘zbekiston grajdanini ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega, deyiladi vazirlikning rasmiy Telegram kanalida.

Mehnat vazirligi nomzodlar tanlovi respublikaning barcha mintaqalarida yanvar oxirigacha davom etib, montajchi santexnik, , elektrpayvandchi, elektrmontajchi, tosh teruvchi, armaturachi, qoliplovchi, pardozchi va boshqa qurilish mutaxassislari yig‘iladi.

Xabarda ishchilarni jalb qilish punktlari 2021 - yilning yanvar oyi ikkinchi yarmida Farg‘ona, Urganch, Samarqand shaharlarida faoliyat yuritishi belgilandi.

Ozodlik Rossiyadagi mehnat migrantlarini ishga yollashga ruxsatnoma olgan rekruting kompaniyasi rahbari bilan suhbatlashdi. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan tadbirkor Rossiya Mehnat vazirligi shartnoma asosida unga 100 nafar ishchini O‘zbekistondan yollab, olib kelishga ruxsat berganini ma’lum qildi.

- Hozir Mehnat vazirligi bizga Moskva shahar turar-joy ekspluatatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi shirkatlar uchun kerak bo‘lgan 100 ishchini olib kirishga ruxsat berdi. Biz Rossiya migratsiya hukumatidan yana 240 kishini olib kirishga litsenziya olish ustida ish olib boryapmiz. Chunki bir uchoqqa 340 odam sig‘adi. Ular hammasi, sodda qilib aytsam, Moskvani shu kunlarda bosgan qordan tozalash uchun kerak farroshlar va dvorniklar bo‘lib ishlaydi, dedi suhbatdosh.

O‘tgan yil dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Davlat Kengashi a’zolarining murojaatiga javoban “xorijlik hamkorlar bilan Rossiyada mehnat migrantlari yetishmovchiligi masalasini” muhokama qilishga va’da bergandi. U bu masalani mehnat muhojirlari ommaviy kirib keladigan mamlakat rahbarlari bilan ko‘tarishini aytgandi.

Bundan oldinroq O‘zbekiston Aholi bandligi va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston hukumati Rossiyada ishlashga muhojirlarni yollash uchun Rossiyaning 30 ga yaqin ish beruvchilari va rekruting agentliklarini jalb etgani to‘g‘risida xabari chiqdi.

Jumladan, dekabr oxirlarida Rossiyaning PEK va “Texagro” kompaniyalari vakillari bu shirkatlarda ishlashga 2 mingdan ziyod o‘zbekistonlikni saralab olgan edi.

2020 - yil martida Rossiya koronavirus infeksiyasiga qarshi karantin cheklovlarini joriy qilgan va xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan edi. Iyul oyida bir nechta xorijliklar toifasiga kirishga ruxsat berilgan.

2020 - yilda Moskvada mehnat muhojirlari soni taqriban 40 foizga qisqarganini bundan oldinroq Moskva shahar hokimi Sergey Sobyanin e’lon qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgandi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, bugunda mamlakatda 6 millionga yaqin migrant yashab kelmoqda. O‘tgan yilning shu paytida muhojirlar soni 11 milliondan ortiqni tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG