Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:56

Rosstat: RF mintaqalarida aholining tabiiy kamayishi o‘nlab marta oshgan


Federal davlat statistika xizmati (Rosstat) ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning ayrim mintaqalarida aholining tabiiy kamayishi 2019 - yilga qiyosan o‘nlab marotaba, butun mamlakat bo‘yicha esa o‘rtacha ikki baravardan ortiqqa o‘sgan.

Ma’lumotda Ukrainadan anneksiya qilingan Qrimga oid demografik ko‘rsatkichlar ham hisobga olingan.

Jumladan, Tataristonda 2020 - yilda tabiiy kamayish (o‘limlar sonining tug‘ilish sonidan ortiqligi) 12 981 kishini tashkil qilganki, bu 2019 - yildagidan 72 karra ko‘pdir – o‘sha yili aholi kamayishi, rasmiy qaydlarga ko‘ra, 180 kishiga teng bo‘lgan.

RBK agentligi Tataristonning bu boradagi ko‘rsatkichi aholi tabiiy kamayishining o‘rtacha ko‘rsatkichi ikki yarim martadan ortiq bo‘lmagan boshqa Volgabo‘yi mintaqalariga nisbatan juda yuqoriligini urg‘ulagan. Sankt-Peterburgda aholi kamayishi 47 baravarga – 2019 - yildagi 308 kishidan 2020 - yilda 17 848 kishiga ortgan.

Moskva esa, Rosstatga ko‘ra, aholi soni kamayishi bo‘yicha mutlaq yetakchilik qilmoqda. 2019 - yilda poytaxt aholisiga 16 mingdan ziyod kishi qo‘shilgan bo‘lsa, 2020 - yilda nufus qariyb 25 mingga kamaygan.

Shuningdek, aholi kamayishining o‘sishi Astraxan viloyati (6 baravar), Kamchatka (5.2 baravar), Baykalorti o‘lkasi (3.3 baravar) va Tomsk viloyati (3 baravar)da ham tezlashgan.

O‘tgan yili Rossiya umumiy va ortiqcha o‘limlar bo‘yicha yirik rivojlangan mamlakatlar orasida birinchi o‘ringa chiqqan edi. 2020 - yil dekabrida mamlakatda fuqarolar o‘limi soni butun tarixida – Ikkinchi jahon urushi istisno – eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan (jami 243 ming kishi). Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova o‘limlarning 81 foizi COVID-19 yoki uning asoratlari bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.

O‘tgan kunlarda Rosstat 2020 - yilda COVID-19 virusidan vafot etganlar statistikasini yangilagan. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning aprelidan dekabriga qadar Rossiyada koronavirus infeksiyasidan 144 691 kishi o‘lgan. Bu avvalgi ko‘rsatkichlardan (104.8 ming kishi) 38 foizga ko‘pdir.

Demograf olimlar, Rossiyaning o‘limlar soniga doir statistikaga tayanib, COVID-19 dan vafot etishga oid rasmiy statistika haqiqiy ahvolni aks ettirmasligini taxmin qilishgan.

Ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichi, ya’ni o‘limlar sonining o‘tgan yilga qiyosan ortishi 2020 - yilda deyarli 360 ming kishini tashkil etgan. 2021 - yilning birinchi choragini hisobga olganda esa u 400 ming kishidan ziyod.

O‘tgan yil davomida Rossiya nufusi (anneksiya qilingan Qrim bilan birga) yarim million nafardan ortiq kishiga qisqargan. Bunaqa yuqori ko‘rsatkich oxirgi marta 15 yil muqaddam – 2005 - yili qayd etilgandi.

XS
SM
MD
LG