Bahraynning Manama shahrida 6-15-dekabr kunlari o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatini O‘zbekiston vakillari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunlashdi.
-109 kg vazn toifasida qatnashgan Ruslan Nurudinov siltab ko‘tarish dasturida 242 kg bilan uch yil avval Toshkentda o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilashga erishdi va uchinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yana bir atlet Sharofiddin Amriddinov ham dast ko‘tarish mashqida oltin medalga ega chiqdi.
33 yoshli Ruslan Nurudinov 2013 va 2022-yillarda ham o‘z vazn toifasida jahonda tengsiz deb topilgan. Shuningdek, 2016-yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida chempionlikka erishgan.
Qoni tarkibida taqiqlangan turinabol aniqlanishi ortidan R.Nurudinov 2018-2020-yillar mobaynida musobaqalardan chetlatilgani ma’lum. O‘shanda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Nurudinovdan 2012-yildan keyin o‘tkazilgan musobaqalardagi natijalar va medallar olib qo‘yilmasligini bildirgandi.