Линклар

Шошилинч хабар
26 май 2022, Тошкент вақти: 22:52

“Sabriya": Saida Mirziyoyevaning "sabri chidamadi". Kino ustidan nazorat kuchayadi


“Sevimli” kanali suratga olgan 50 qismli “Sabriya” filmi o‘tgan yil noyabr oyidan efirga berib kelinmoqda.

O‘zbekistonlik ayrim kinoijodkorlar “Sabriya” teleseriali atrofidagi mojaro ortidan filmlar ustidan davlat nazorati yanada kuchayishidan xavotir bildirishmoqda.

Sevimli telekanali suratga olgan 50 qismli “Sabriya” filmi o‘tgan yil noyabr oyidan buyon efirga uzatib kelinayotgandi.

Serialning 14 - yanvar kuni namoyish etilgan 32-qismidagi qizni zo‘rlash sahnasi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga uchradi.

Ammo film ijodkorlari va Sevimli telekanaliga yaqin manbalar serialning to‘xtatilishiga O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning aralashuvi sabab bo‘lganiga ishonishadi.

O‘zbekistonda Gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva 19 - yanvar kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “hech faysi filmda ayollarga nisbatan bunchalik nafrat ko‘rmagani” ni yozdi va "mutasaddi tashkilotlarni qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berish"ga chaqirdi. Ayni paytda mamlakatda "so‘z va ijod erkinligi mavjud"ligini ta’kidladi.

Oradan bir kun o‘tib esa serialni suratga olgan va efirga bergan Sevimli telekanali bosh direktori hamda bosh muharriri ishdan olindi. Ammo mojaro bu bilan yakun topgani yo‘q. “Sevimli” telekanalining egalari Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning o‘g‘li, qizi va rafiqasi ekaniga e’tibor qaratgan Kun.uz nashri Abduxoliqov o‘z farzandlari va rafiqasiga tegishli telekanalga davlat buyurtmalari va subsidiyalarini olib berayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Ammo Kinematografiya agentligi vakili 20 - yanvar kuni Ozodlikka agentlikning serialga aloqasi yo‘qligini aytdi.

Отасининг қизи. Саида Мирзиёева ким?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:43:20 0:00

«Sabriya» teleseriali Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinmagani va davlat mablag‘lari yuqoridagi serialga yo‘naltirilmagani. Mazkur serialning Kinematografiya agentligiga aloqasi yo‘q", deyiladi agentlik 21 - yanvar kuni tarqatgan rasmiy bayonotda.

Ayni paytda Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshlagani xabar qilindi.

"Hayotdan olingan" kino

14 - yanvar kuni 32-qismi efirga uzatilgan "Sabriya" kinoseriali sevgan yigiti bilan bokiraligini yo‘qotgan, shu bois otasi 60 yoshli cholga ikkinchi xotin qilib bermoqchi bo‘lgan Sabriya ismli 16 yashar qiz haqida.

“Sabriya” serialiga bir muddat bosh tasvirchilik qilgan Umid Malikov zo‘rlash sahnasini olishda "shundan yaxshi tasviriy yechim bo‘lmagani"ni aytadi.

“Boshida rahmatli Fathulla Maqsudov bilan bo‘lgan sahnalarni men olganman. Bu qismini men olmaganman, lekin chol yosh qizni "iznasilovat" qilganini men olganman. Saida Mirziyoyevaning aytganlari asossiz. Juda hunuk sahnalar yo‘q. Film rejissyori Nasiba Tursunova juda andishali, o‘zbekona ayol. Odamlarning fikriga kelsak, ularda tanlash huquqi bor, pult qo‘lida, yoqmasa ko‘rmasligi mumkin. +18 yozilgan.

Kinotasvirchining aytishicha, filmdagi zo‘rlash holatlari "tasviriy yechim" bilan taqdim qilingan.

- Pryamoy ko‘rsatilmagan. Bu hayotda bo‘lgan holat, hayotdan olingan narsa bu. Bizni tmoshabinlar hamdardlashyapti, kinoni mazza qilib ko‘rishayotganini aytishyapti, - deydi Umid Malikov.

Uning ta’kidlashicha, bu kabi sahnalar o‘zbek kinolarida ko‘plab uchraydi.

- Hilol Nasimsovni “Mehr” kinosida Zumrad degan aktrisa o‘ynagan sahna bor, Suriyaga boradi, jinsiy zo‘rlash holatlari bo‘ladi, men olganman shuni, ko‘rsatdim men shu fojiani, ko‘rsatmasang, fojiani hech kim tushunmaydi.

O‘zbekistonda aksar filmlarning kontentini O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va telekanallardagi badiiy kengashlar nazorat qiladi. Kinematografiya agentligi​ matbuot xizmati rahbari Nozim Safarining Ozodlikka aytishicha, “Sabriya” seriali badiiy kengashdan o‘tmagan yagona film emas.

"Agar davlat buyurtmasiga olingan bo‘lsa yoki kinoprokatga chiqarmoqchi bo‘lsa, badiiy kengashdan o‘tkazishi kerak. “Sabriya”, “Daydi qizning daftari” degan filmlar O‘zbekkino badiiy kengashidan o‘tmagan", - dedi Safari.

Uning Ozodlikka bildirishicha, hozirda serial kontentini o‘zgartirish yoki efirdan olish masalasi ko‘rilmoqda.

"Senzura kuchayadi"

Hozirgi kunda O‘zbekistonda o‘nlab xususiy prodakshn studiyalar bor. Bunday studiyalar telekanal tahririyatlari badiiy kengashidan o‘tmagan film va seriallarni YouTube kanali orqali tomoshabinga yetkazmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim kinoijodkorlar “Sabriya” seriali atrofidagi muhokamalar sabab kino ustidan davlat nazorati yanada kuchayishidan xavotir bildirishmoqda.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik kinorejissyorlardan birining aytishicha, filmlarni majburiy badiiy kengashdan o‘tkazish, amalda tsenzura deganidir:

“Kecha (20 - yanvar kuni - tahr.) majlisda gap bo‘ldiki, bundan buyon xususiy prodakshn studiyalar ham serial va filmlarni “O‘zbekkino” badiiy kengashidan o‘tkazishi kerak. Kino mahsulotlarining badiiy va g‘oyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etilar ekan. Bu senzura degani. Kino ustidan senzura. Davlat sponsorligida olinayotgan kinolarni ahvolni ko‘ryapsiz, endi xususiy studiyalar chiqarayotgan kinolar shu ahvolga tushadi”, - deydi rejissyor.

O‘zbekistonlik boshqa bir rejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev ham prezident qizining tanqidlari ortidan senzura kuchayishidan xavotirda ekanini aytadi:

“Balki bu serial saviyasi pastdir, lekin tomoshabinlarga kinoni 32-seriyasigacha ko‘rsatishdi, shu paytgacha hech kim saviyasi past, deb aytmadi-ku. Prezidentning qizi nimanidir ko‘rib qolibdiki, telekanal rahbarini ishdan olishyapti. Men e’tirozlarga sabab bo‘layotgan o‘sha sahnani ko‘rdim, yalang‘och odam yo‘q, dod-voy soladigan hech narsa yo‘q. Rejissyor ayol zo‘rlanganini shu yo‘sinda tasvirlagan. Afsuski, hozir kinoni tushunmaydigan odamlar kinoga aralashib, o‘sishga harakat qilayotgan yangi rejissyorlarni hali nihol paytidayoq ko‘mib tashlashyapti ”, - deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.

"Sabriya" filmi otasi 60 yoshli cholga ikkinchi xotin qilib bermoqchi bo‘lgan 16 yoshli qiz haqidadir.
"Sabriya" filmi otasi 60 yoshli cholga ikkinchi xotin qilib bermoqchi bo‘lgan 16 yoshli qiz haqidadir.

Javohir Zokirov: Yaxshiyam YouTube bor

Shu kunlarda har yakshanba Youtube kanalida berib borilayotgan “Fara Tashkentskiy” serialida bosh qahramon rolini ijro etgan taniqli aktyor Javohir Zokirov O‘zbekistondagi mustaqil hususiy prodakshn studiyalar uchun YouTube yagona platforma bo‘lib qolayotganini aytadi:

“Yaxshiyamki, YouTube bor. Bu yerda badiiy kengash ham kerak emas. Xudoga shukur ,Internetda boshqa platformalar bor. Hamma oldinga ketyapti, “O‘zbekkino”dagilar orqaga ketyapti. O‘zbek TV dagilar orqaga ketyapti. Arzimagan pul beradi, hammasini boshliqlar yeb qo‘yadi. Davlat televideniyesini-ku, gapirmayman.

YouTube kanalidan prosmotr uchun pul keladi, film xarajatlarini shu pul keragidan ham ortiq qoplaydi. Mana, hozir “Serjant bratan”ning adaptatsiyasini qildik “Fara Tashkentskiy” trendga chiqib ketdi. Bizga internet kinodan ko‘p pul to‘lashadi qaytanga”, - deydi Javohir Zokirov.

"Sabriya" serialidagi zo‘rlash saxnasi O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyevaning keskin tanqidiga uchradi.
"Sabriya" serialidagi zo‘rlash saxnasi O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyevaning keskin tanqidiga uchradi.

“Fara Tashkentskiy” to‘qsoninchi yillarda baxtsiz hodisa tufayli 23 yil komada yotib 2021 - yilda uyg‘ongan va haqiqat himoyachisiga aylangan toshkentlik “ko‘cha avtoriteti” haqida.

Senzurasiz so‘kinishlarga to‘la bu serial Internetda +18 formatida berilmoqda.

"Fara tashkentskiy" to‘qsoninchi yillarda baxtsiz hodisa tufayli 23 yil komada yotib 2021 - yilda uyg‘ongan “avtoritet” haqida.
"Fara tashkentskiy" to‘qsoninchi yillarda baxtsiz hodisa tufayli 23 yil komada yotib 2021 - yilda uyg‘ongan “avtoritet” haqida.

O‘zbekiston kanallarida “ochiq sahnalar” sabab ayniqsa turk va boshqa xorijiy seriallarning efirdan olib tashlanishi ko‘p kuzatilgan.

To‘rt yil avval turk kinochilari ishlagan “Qora savdo” seriali tarmoqlardagi "shahvatparastlikka moyil qiluvchi" va "oilalar tinchligini buzuvchi" degan tanqidlar ortidan o‘zbek telekanallari efiridan olingan edi.

“Sevgi iztirobi” va "Gunesh (Quyosh-tahr.) qizlari" kabi turk seriallari tanqidiga O‘zbekistondagi ayrim din ulamolari ham qo‘shilgan.

2012 - yilda “Yoshlar” kanalida «Kelin», NTT kanalida “Muhabbat simfoniyasi”, “TV Markaz”da “Ajralsak-da birgamiz”, “Muhtasham yuz yil” seriallari oxirigacha namoyish etilmagan.

XS
SM
MD
LG