Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:08

Sadir Japarov Dushanbeda: chegaradagi voqealar ikki mamlakat uchun og‘ir sinov bo‘ldi


Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘ngda) va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov

29 - iyun kuni Dushanbedagi Millatlar saroyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

“28-29 - aprel voqealari mamlakatlarimiz uchun og‘ir sinov bo‘ldi”, dedi Qirg‘iziston rahbari tojikistonlik hamkasbi bilan uchrashuv avvalida.

Tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlarda ikkala tomondan o‘nlab qurbonlar berildi, yuzlab kishi jarohat oldi, aholi turar-joylari va boshqa binolar vayron qilindi va yoqib yuborildi.

“Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari ushbu voqealar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak, tojiklar va qirg‘izlarning uzoq yillar birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari bo‘lgan va biz bu do‘stona aloqalarni saqlab qolishga harakat qilyapmiz”, deya qo‘shimcha qildi Sadir Japarov.

Emomali Rahmon Qirg‘iziston prezidentini mamlakatga tashrifi bilan qutladi, ammo tojik-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan mojaro haqida hech narsa demadi.

Sadir Japarov Tojikistonga rasmiy tashrif bilan 28 - iyun kuni kechqurun kelgan edi. Aeroportda uni Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda qarshiladi.

29 - iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Tojikistonga tashrifi rasmiy qismi boshlandi. QR rahbari mahalliy vaqt bilan 8:50 da Dushanbedagi Ismoil Somoniy haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Soat 9:00 da Qirg‘iziston Respublikasi rahbarini Millatlar saroyi ostonasida tojik hamkasbi Emomali Rahmon kutib oldi.

Xabar qilinishicha, ikki davlat rahbarlarining suhbati bir soat 40 daqiqa davom etadi. Shundan so‘ng delegatsiyalar kengaytirilgan tarkibda muzokaralarni boshlaydilar. Ikki tomonlama aloqalarga doir boshqa muhim masalalar qatorida tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

“Ozodlik”ning tojik xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar yakunida to‘rtta hujjat imzolanadi. Ularning mazmuni hozircha sir tutilmoqda.

Hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng Emomali Rahmon va Sadir Japarov qo‘shma brifing o‘tkazishadi. QR prezidentining Tojikistonga tashrifi mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da yakunlanadi.

Sadir Japarov va Emomali Rahmon 28 - iyun kuni shahardan tashqaridagi “Bahor” qarorgohida birga kechki sayrga chiqishdi. Uning mazkur qarorgohga qadam ranjida qilishdan maqsadi Tojikiston tabiati bilan tanishishdir, deb xabar qilgan Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi.

Ushbu rasmiy tashrifda prezident Sadir Japarovga Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboyev, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarov, transport va kommunikatsiyalar vaziri Gulmira Abdraliyeva, favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev, madaniyat vaziri Qayrat Imanaliyev, shuningdek, QR Vazirlar Mahkamasining Botken viloyatidagi vakili, QR DMXQ raisining birinchi o‘rinbosari — Chegara xizmati direktori hamrohlik qilishmoqda.

Sadir Japarovning Tojikistonga rasmiy tashrifi may oyining birinchi yarmida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq 28-29 - aprel kunlari tojik-qirg‘iz chegarasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lishi tufayli bu tashrif qoldirilgan. Qirg‘iziston mojarodan so‘ng Tojikiston bilan chegarasini bir tomonlama tartibda yopgan.

XS
SM
MD
LG