Линклар

Шошилинч хабар
14 январ 2025, Тошкент вақти: 00:57

“Saidaziz medgorodok”ka nisbatan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi


“Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev (arxiv surati)
“Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev (arxiv surati)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, yuqori instansiya, shuningdek, Akramjon Akramov, Nuriddin To‘laganov, G‘ofurjon O‘rinboyev, Umid Mahmudov, Aziz Nurmatov, Jahongir Badalov, Ulug‘bek Rahimov, Doston Xoshakov, Doniyor Yunusov, Davron Sultonov, Bunyod Samadov, Husan Risqiyev va Bahodir Rahmonovning apellyatsiya arizalarini ham qanoatlantirmagan.

Ushbu ajrimdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berishga yoki protest keltirishga haqli ekani eslatilgan.

Ozodlik avvalroq jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi joriy yil 5-avgust kuni “Saidaziz medgorodok”ka 20 yillik qamoq jazosi tayinlagani haqida xabar qilgandi.

“Ko‘cha”ga aloqador deb ko‘rilgan Saidaliyev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 168 (firibgarlik), 242 (jinoiy uyushma tashkil etish), 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 211−28 (pora berishga sheriklik qilish), 277 (bezorilik) kabi moddalarida aybdor deb topilgan.

36 yoshli Saidaziz Saidaliyev hamda sheriklari O‘zbekistonda, xususan, poytaxt Toshkentda 2023-yilning noyabr oyida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida qo‘lga olingan edi.

O‘tgan muddat mobaynida “ko‘cha”ga qarshi kurash kampaniyasi davrida hibsga olingan shaxslardan sud hukmi bilan Salim Abduvaliyev 6 yilga, Lutfulla Umarov 6 yil-u 2 oyga, Bahodir Sultonov 10 yilga, Baxtiyor Qudratullayev esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi

XS
SM
MD
LG