Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 10:24

“Saidaziz medgorodok”ning jazo muddati uzaytirildi


“Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev sud zalida (arxiv surati)
“Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev sud zalida (arxiv surati)

O‘zbekistonda jinoiy uyushma tashkil etish doxil og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topilgan Saidaziz Saidaliyevga nisbatan yana bir jinoyat bo‘yicha hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi.

Kun.uz nashri xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining joriy yil 29-oktyabridagi hukmiga muvofiq jamoatchilikka “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan fuqaro Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-moddasida (tovlamachilik) ko‘zda tutilgan jinoyatning yana bir epizodida aybdor deb topilgan.

Sud hujjatida bayon qilinishicha, Saidaziz Saidaliyev Ilhom Sotvoldiyev va tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 2023-yil yanvar oyida Yashnobod tumanidagi uylardan biriga borib, tadbirkor Baxtiyor Kolonovga sobiq sherigidan go‘yo 700 ming dollar qarzdor ekanini aytishgan.

Tadbirkor ularga qarshilik ko‘rsatganida “Saidazim medgorodok” va sherigi pichoq hamda to‘pponchadan foydalangan holda, pulni qaytarmasa, oilasiga jiddiy zarar yetkazib, o‘zini otib tashlashni aytib tahdid qilishgan.

Sud majlisida Saidaliyev va Sotvoldiyev aybiga iqror bo‘lmagan.

Hukmga ko‘ra, Saidaliyev jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024-yil 5-avgustidagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talgan qismini qisman qo‘shgan holda uzil-kesil 20 yil 6 oy, Sotvoldiyev esa uzil-kesil 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ozodlik avvalroq “Saidaziz medgorodok”ka 20 yillik qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar qilgan.

“Ko‘cha”ga aloqador deb ko‘rilgan Saidaliyev JKning 165 (tovlamachilik), 168 (firibgarlik), 242 (jinoiy uyushma tashkil etish), 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 211−28 (pora berishga sheriklik qilish), 277 (bezorilik) kabi moddalarida aybdor deb topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi joriy yil 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida unga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgandi.

XS
SM
MD
LG