Qamoq jazosini o‘tayotgan Salim Abduvaliyev 12-yanvar kuni salomatligidagi muammolar tufayli ozodlikka chiqqan. Bu haqda Kun.uz nashri o‘z manbasidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Nashr manbasiga ko‘ra, “Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev uzoq vaqtdan buyon kasallik bilan kurashib kelayotgandi. Shu sabab u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 75-moddasi tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.
Ushbu modda hukm chiqarilganidan keyin jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishini nazarda tutadi.
Mahalliy matbuotda tadbirkor va metsenat deb ta’riflab kelingan Salim Abduvaliyev 2023-yil oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida qo‘lga olingan edi.
Bu yil 75 yoshni qarshilaydigan Salim Abduvaliyev 2024-yilning 19-martida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining yopiq majlisi hukmi bilan JKning 248-moddasida (o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, Abduvaliyev sud hukmi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqidan foydalanmagan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 2024-yil 5-avgust kuni O‘zbekistonda jazo o‘tayotgan Abduvaliyevga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilgandi. U Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini moliyalashtirganlikda gumonlangan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, o‘tgan yil avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Salim Abduvaliyevning qamoqda vafot etgani haqida xabar tarqalgan, keyinroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi buni rad etgan edi.