Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 22:33

Samarqand hokimligi ham qimmat avtoulov xarid qilganini yashirdi


BYD avtomobillari (illyustrativ surat)
BYD avtomobillari (illyustrativ surat)

Samarqand viloyati hokimligi 630 million so‘mga 2 dona qora rangli BYD Chazor Champion DM-i Flagship 120km avtomobilini xarid qildi.

Daryo.uz nashrining davlat xaridlari portali ma’lumotlarini o‘rgangan holda xabar qilishicha, viloyat hokimining avtoulovlar xaridiga oid farmoyishi Adliya vazirligining “E-qaror” yagona elektron tizimi platformasida yashirib qo‘yilgan.

Shartnomalar Beni-Motors mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan 7-oktyabr kuni tuzilgan.

Avtomobillarni sotib olishga viloyat hokimining 30-sentyabrdagi 261-7-0-F/24 raqamli farmoyishi asos qilib olingan.

Farmoyishda mablag‘ mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga sotib olinishi belgilangan. Maqsad esa “viloyatga tashrif buyurgan rasmiy delegatsiyalarga sifatli xizmat ko‘rsatish” deb ko‘rsatilgan.

Hokimlik shartnomani tuzishdan oldin davlat xaridlari elektron tizimida kamida bir ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishi lozim bo‘lsa-da, o‘tkazmagan. Shunday bo‘lsa-da, muhokama o‘tkazilgani haqida bayonnoma tuzilib, e’tiroz kelib tushmagani bildirilgan”, deb yozgan Daryo.uz.

Qayd etilishicha, hokimlik “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun va “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror talablarini ham buzgan.

Avvalroq gardanida 6,6 milliard so‘m qarzi bo‘lgan Andijon tumani hokimligi 335 million so‘mga Captiva 5T Premler avtomobilini sotib olgani, hokimlikning ushbu xaridga oid qarori “E-qaror” yagona elektron tizimi platformasida yashirib qo‘yilgani xabar qilingandi.

So‘nggi vaqtlarda davlat idoralari amaldorlarining byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larga qimmatbaho mashinalar sotib olayotgani, vazirlik va hokimliklarning ko‘plab hujjatlarni jamoatchilik hukmiga havola etmay maxfiylashtirayotgani e’tirozga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG