Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Samarqand shahrida 13 kishi qo‘lbola aroqdan zaharlanib o‘lgani haqida xabar tarqaldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining mahalliy matbuotga ma’lum qilishicha, 11-yanvar kuni Samarqand shahrining turli mahallalarida yashovchi 39, 56, 50, 63 va 72 yoshdagi besh nafar erkak (to‘rt nafari o‘z xonadonida, yana biri shifoxonada) vafot etgan.
Ular spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar bo‘lgani aytilmoqda.
BP matbuot xizmati qo‘lbola usulda yasalgan spirtli ichimlik mahsulotlarini sotgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot hamda kimyoviy ekspertizalar tayinlanganini bildirgan.
Ozodlik o‘tgan yil dekabr oyida Andijon viloyatida “O‘zbekiston” nomli konyak iste’mol qilishi oqibatida zaharlangan 22 kishining besh nafari vafot etgani haqida xabar qilgan edi.