Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:05

Samarqandda diniy ekstremizmda gumonlangan yigit qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi 19 yashar yigit diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlandi.

“Sevimli” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Zamon” informatsion dasturi xabariga ko‘ra, fuqaro Telegram platformasida guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan.

Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh ko‘zdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi taqiqlangan nashida borligi aniqlangan.

Yigit sud majlisida arab tilini bilmasligi, diniy qo‘shiqlarni turli kanallarda eshitib qolgani va yoqqani uchun ma’nosini tushunmasdan guruhga joylaganini aytgan. Qilmishidan pushaymonlik bildirib, suddan yengillik so‘ragan.

Sud fuqaroni Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandida (ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Unga 57-modda (yengilroq jazo tayinlash) tatbiq etilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

So‘nggi oylarda mamlakat huquq-tartibot idoralari diniy ekstremizm va terrorizmga aloqador bir necha holat haqida axborot yoyinladi.

Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Zomin tumani sudi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda ayblangan 27 yoshli yigitni 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri sudi esa “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdori ekani aytilgan 11 kishiga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

XS
SM
MD
LG