Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Haj va Umra ziyoratiga boruvchilar meningitga qarshi vaksina olishiga doir talab bekor qilindi” degan mazmundagi xabar haqiqatdan yiroq, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.
Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirligi 2025-yil fevral oyidan e’tiboran Umra va Haj amallarini bajarish uchun podshohlikka keladigan ziyoratchilardan meningitga qarshi emlanganlik hujjati talab etilishini bildirgandi.
Viza turidan qat’i nazar, Saudiya Arabistoni hududiga kelayotgan barcha xorijliklar emlash sertifikatiga ega bo‘lishi lozim. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno.
So‘nggi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Saudiya tomoni meningitga qarshi emlanish talabini bekor qilgani haqida xabar tarqalgandi.
“Mamlakatimizga yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etiladi”, deyilgan Sanepidqo‘mita xabarnomasida.
Meningokokk infeksiyasi – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni bakteriyalar keltirib chiqaradi. Bu kasallikning nazofaringit (burun va xalqum shilliq pardalarining shamollashi), meningit (miya qobiqlarining shamollashi), meningokokk sepsisi (qonning zaharlanishi) kabi ko‘rinishlari mavjud.
Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekistonda 2024-yil oxirida Umra litsenziyasi talablari kuchaytirildi. Umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etishda ayblangan turoperatorlar allaqachon javobgarlikka tortilmoqda.