Линклар

Шошилинч хабар
13 июн 2021, Тошкент вақти: 12:29

"Sardoba ishi" bo‘yicha hukm: Ayblangan 17 shaxsdan 10 nafari jarima bilan qutuldi


Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginov bilan. Sardoba, May, 2020

2021 - yil 10 - may kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati "Sardoba ishi" bo‘yicha ayblangan 17 kishiga nisbatan nihoiy hukmni e’lon qildi. Unga muvofiq, ayblanganlarning aksariyati - 10 kishi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdorida 133 800 000 so‘m jarimaga hukm qilindi

Bir kishiga 4 yillik ozodlikni cheklash jazosi, yana bir shaxsga eng ko‘p - 10 yil qamoq jazosi tayinlandi

5 kishi esa 4 - 5 yillik qamoq jazolariga mahkum etildi.

Fojiaga bir yil to‘lishi arafasida hukumat komissiyasi Sardoba falokatiga qurilish jarayonidagi mas’uliyatsizlik va qator texnik kamchiliklar sabab bo‘lganini aytgan. Rasmiy bayonotda bu kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlarning jinoiy javobgarlikka tortilgani aytilgandi.

Ramatovning "o‘ng qo‘li" 10 yilga qamaldi

Oliy sud hukmga oid rasmiy xabarda "bevosita davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli" yopiq o‘tkazilgan mahkamadagi sudlanuvchilarning to‘liq ro‘yxatini jamoatchilikka birinchi bor oshkor qildi.

Avvalroq Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, Sarodoba ishining ayrim tafsilotlarini yoritgan va ayblanganlarning aksariyati jarima bilan Ozodlikka chiqishi kutilayotgani haqida yozgan edi.

Oliy sud matbuot xizmati e’lon qilgan bayonotga muvofiq eng uzoq qamoq muddati - 10 yilga mahkum etilgan shaxs “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK bosh direktorining o‘rinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan M. Xolmatovdir. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 258-moddasi (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Сардобадан бир йил ўтиб: Сув остида қолган сирлар. Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:21 0:00

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Maxmud Xayitbayevich Xolmatov Sardoba suv ombori qurilgan yillarda Xolmatov «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh direktorining o‘rinbosari¸ gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Sardoba suv omborini 2017 - yil may oyida muddatidan oldin qurib bitirishdagi jonbozligi uchun Mirziëev 2017 - yil 9 - dekabr kuni unga «Shuhrat» medali bergan. Mirziyoyev Xolmatov barobarida uning besh ishchisini ham Sardoba qurilishidagi mehnati uchun ayni medal bilan taqdirlagan. Asli yangiyo‘llik Xolmatov¸ uni bilgan hamkasblariga ko‘ra¸ Sardoba qurilishida “Ramatovning o‘ng qo‘li” bo‘lgani aytiladi.

Sud hukmiga muvofiq, Xolmatov jarima tayinlanmagan yagona sudlanuvchi. Sud jarayonidang xabardor Ozodlik manbasining aytishicha, Xolmatov sud tergovi jarayonida "hukumatda yuqori mansabni egallab turgan shaxslarning javobgarlikka tortilmaganidan norozilik bildirgan va yetkazilgan zararni qoplashdan bosh tortgan".

Sanginovning "o‘ng qo‘li" sud zalidan ozod etildi

Sardoba to‘g‘onining yorilishi bo‘yicha jinoyat ishining eng muhim figurantlaridan yana biri “Rezaksoy suv qurilish” UK rahbari Karim Ro‘ziyev 10 - may kuni sud zalidan ozod qilingan.

Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 258-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan Ro‘ziyev qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan va mahkamaga tortilganlar orasidan sud zalidan ozodlikka chiqarilgan yagona shaxsdir.

U “O‘zgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginovning hamyurti¸ o‘nlab gidroinshoot qurilishida ham rasman¸ ham norasman Sanginovning “o‘ng qo‘li” rolini bajarib kelgan. Yangi nomi To’palang Water Construction MChJga aylangan “Rezaksoy suv qurilish” Sanginovning xususiy biznes holdingi tarkibiga kiruvchi 7 shirkatdan biri. Qamalgunga qadar Karim Ro‘ziyev “To’palang HPD Holding” aksiyadorlaridan biri ham edi. Bu holding aksiyalarining 61 foizi Sanginovning kenja o‘g‘li Islom Abdug‘aniyevga tegishli. Holding direktori ham Islom Abdug‘aniyev.

Sud hukmiga binoan sudlanuvchilar mahkum etilgan jarimalarning umumiy miqdori 2 milliard so‘m yoki 200 ming AQSh dollariga yaqin. Ozodlik manbalari davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun sudlanuvchilardan undirilgan mablag‘ miqdori¸ 45 milliard so‘mdan oshiqroqni tashkil etgani haqida aytgan. Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha bu 4 million AQSh dollaridan ko‘proq.

Sud jarayoniga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, 4-5 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan shaxslarning kassatsiya jarayonlari ortidan ozodlikka chiqarilishi ehtimoli katta.

To‘g‘on o‘pirilishiga asosan, buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgani va jarayon davomida belgilangan texnik va me’yoriy talablar qo‘pol ravishda buzilgani sabab qilib keltirilgan.

Sudlanuvchilarning deyarli barchasi JKning 167 ( o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209 (mansab soxtakorligi), 258 (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) shuningdek, uch nafari Jinoyat kodeksining 203-moddasi va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Mirziyoyev loyihasi

2010-2017 - yillarda qurilgan Sadoba suv ombori davlat byujdetiga qariyb yarim milliard dollarga tushgan. Gazeta.uz nashri o‘zi ko‘rgan hujjatlarga tayanib¸ suv ombori qurilishining 1.3 trillion so‘m yoki 405 million AQSh dollariga tushganini ëzgan. Bu raqam hukumat tomonidan rad etilmagan. Ammo qariyb yarim milliard dollarlik ulkan davlat loyihasi¸ uning moliyaviy manbasi haqida ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.

Sirdaryo cho‘lida ulkan suv ombori qurish g‘oyasi mahalliy matbuotga ko‘ra, qurilish boshlangan kezlar bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirzyoyevga tegishli.

2020 - yilning 1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.

Сардоба: “Бу ерлар олдин жаннат эди” – омон қолганлар ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:00 0:00

O‘tgan vaqt mobaynida ko‘plab sardobaliklar o‘zlariga ajratilgan yordam yoki tovon pulini ololmagani, uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilganidan shikoyat qilib kelgan. Uylari buzilganlar orasida hanuz boshpanasiz yashayotganlar bor.

Prezident Mirziyoyev Sardoba to‘g‘onining yorilishida korrupsiyaning roli borligini tan olgan va jabrlanganlar uchun adolatni qaror toptirishga va’da bergan edi.

Sardoba ishi bo‘yicha sudning nihoiy hukmi suv ombori qurilishi uchun mas’ul prezident Mirziyoyevga yaqin ikki qudratl mulozim Ochilboy Ramatov hamda Abdug‘ani Sanginovlarning roliga oydinlik kiritmaydi.

XS
SM
MD
LG