Oliy Majlis Senatining 18-dekabr kungi yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Senat matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trillion so‘m, xarajatlar esa 480,5 trillion so‘m miqdorida shakllantirilgan. Shu tariqa byudjetda 49,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida taqchillik bo‘lishi kutilmoqda.
Byudjet daromadlari 308,5 trillion so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) 66,4 trillion so‘m va 62,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Kelgusi yilda ijtimoiy sohaga 177,7 trillion so‘m, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlariga 3,6 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 41,3 trillion so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Byudjetnoma muhokamasida Senat raisi Tanzila Norboyeva mablag‘lar maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlashda parlament hamda mahalliy kengashlar faol bo‘lishi, mas’uliyatni his etishi kerakligini ta’kidlagan.
Ozodlik avvalroq 2025-yilda O‘zbekistondagi 18 ta vazirlik davlat g‘aznasidan jami 195 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘ olishi haqida xabar qilgan edi.
Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi esa 5,5 milliard dollar miqdorida bo‘ladi.